Sherzod Qudratxo‘ja 25 va 5 yil oldingi OAVni gumma bilan steykka o‘xshatdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzod Qudratxo‘ja Karimov va Mirziyoyev davridagi so‘z va matbuot erkinligi, odamlarning unga bo‘lgan munosabatini gumma va steykka o‘xshatdi. Uning fikricha, gumma yeb yurgan odamlar steykni qabul qilishi juda qiyin. Bu haqda u joriy yilning 10 noyabr kuni Toshkentdagi Milliy matbuot markazida “So‘z va matbuot erkinligini ta’minlash borasidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi” mavzusida o‘tgan anjumanda gapirdi.

"It 25 yil zanjirda tursa-yu, keyin qo‘yib yuborilsa, qanchadir muddat nima bo‘lganini o‘zi ham tushunmaydi. Qopadi, yuguradi. Albatta, bu madaniyatga bog‘liq. Bizda ham jurnalistlarga, tasvirchilarga mana shunday muomala qilinishi madaniyat va so‘z erkinligi yo‘qligining natijasi va oqibatidir. Bu jarayonlar birdaniga sodir bo‘lmaydi. Men bu masalada ikkita yo‘lni ko‘raman. To‘g‘ri, biz  bu haqda ko‘p gapirdik. Parlamentimiz bilan saylov payti saylov kodeksi bo‘yicha ishladik. Hozir boshqarma va soliq kodeksi bor. Mass medianing ham faoliyatini belgilaydigan bitta va yagona axborot kodeksi bo‘lishi kerak.  Hozir mass mediada 10 dan ortiq qonun bor, ko‘plari 1992-1998 yillar, eski davrlarda eskilik qolipi bo‘yicha tuzilgan. Eski narsani chiqarib tashlashimiz kerak.
 
Masalan, hozir Saylov kodeksida hamma narsa tushunarli.  Men o‘zim Markaziy saylov komissiyasida 1998 yildan buyon ishlayman. Ilgari 10 ta qonunni o‘qishimiz kerak edi va bu biz uchun juda og‘ir bo‘lardi. Hozir esa, bitta kodeksda o‘qiladi va hammasi tushunarli", deydi rektor.

Sherzodxon Qudratxo‘ja o‘z nutqi davomida bugun media sohasida sudyalarning ham malakasi yetishmayotganini ta’kidladi.

"Ikkinchi yo‘l-sudlashish. Bu huquqni hech kim bizdan olib qo‘ymaydi. O‘sha holat [jurnalistning faoliyatiga nisbatan to‘sqinlik] bo‘ldimi, sudga berish kerak. Media sohasida  hali sudyalarning ham malakasi yetishmaydi. Jinoiy ishni tushunadi, ma’muriyni tushunadi, ammo media sohasida maslahat bera oladigan advokat yo‘q. Advokatlarni yuridik universitet tayyorlashi kerak", deydi u.

Sherzodxon Qudratxo‘ja so‘zida davom etar ekan,  25 yil mobaynida boshqa bir muhitda yashab kelgan insonlarning media savodxonligi va dunyoqarashini bir kunda o‘zgartirib bo‘lmasligi, rivojlanish uchun biroz vaqt kerakligiga to‘xtaldi:

"Biz 25 yil jannatdan xabarlarning oqibatida yashadik. Hozir birdaniga huquqiy maydon! Insonlarning dunyoqarashi, media savodxonligini [birdaniga] oshira olmaymiz va hech narsa birdaniga bo‘lmaydi. Qo‘pol qilib aytganda, yoshligimizda "To‘rt tiyinlik gumma", der edik. Shu to‘rt tiyinlik gummani butun umr yeb kelayotgan odamga chiroyli angus go‘shtidan steyk tayyorlab bersangiz, oldiga tabasko, motsarella pishlog‘idan qo‘ysangiz, "Nima berding? Menga shu perashkamning o‘zi ham yoqadi", deya javob beradi. Men shuni aytmoqchimanki, bu masala  ham sekin-sekin yechim topadi”.

Qudratxo‘ja so‘zini yakunlab Jurnalistlar ijodiy uyushmasi raisi Olimjon O‘sarov va Senatning Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Farhod Boqiyevga yuzlanib, tezroq media ambudsman tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek mavjud qonunlarni bir kodeksga birlashtirish vaqti kelganini urg‘uladi.

 


Maqola muallifi

Teglar

Qudratxo'ja Karimov va Mirziyoev

Baholaganlar

119

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar