Sherobod hokimi nochor oilalar hisobidan shohona avtomobil sotib olyapti
Jamiyat
−
23 dekabr 2021
35512Surxondaryo viloyati Sherobod tumani hokimi Ziyodulla Davlatov 2-sektor hududidagi kam ta’minlangan oilalarning uylarini ta’mirlashga ajratilgan pulga KIA Seltos Prestige G765 avtomobilini xarid qilish bo‘yicha qarorni imzoladi.
Davlatovning imzosi bilan kecha, 22 dekabr kuni qabul qilingan Xalq deputatlari Sherobod tuman kengashi qarorida tuman mahalliy budjetining 2021 yil daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sherobod tumanidagi Xalq qabulxonasining moddiy texnika bazasini rivojlantirish uchun 10 mln so‘m mablag‘ ajratilishi belgilangan.
Shuningdek, tuman mahalliy budjetining 2021 yil daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan xalq deputatlari tuman Kengashining joriy yil 13 dekabrdagi VI-38-112-8-119-K/21-sonli qarori 2-bandiga asosan, tuman 2-sektor hududidagi yashayotgan kam ta’minlangan oilalarning uy-joylarini ta’mirlash uchun ajratilgan 100 mln so‘m mablag‘ foydalanilmaganligi hamda tuman mahalliy budjetining 2021 yil 3-chorak daromadlar rejasining orttirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan xalq deputatlari tuman Kengashining 2021 yil 14 oktabrdagi VI-36-74-8-119-K/21-sonli qarori 1-ilovasi 4-bandiga asosan tuman hokimiyatiga yangi Captiva xizmat avtomashinasi olish uchun 300 mln so‘m mablag‘ ko‘rsatib o‘tilgan avtomashinani yetkazib berolmaganligi sababli, mazkur mablag‘lardan 83 mln 100 ming so‘m tuman hokimligi moddiy texnika bazasini rivojlantirishga va 316 mln 900 ming so‘m mablag‘ tuman hokimiyatiga yangi KIA Seltos Prestige G765 xizmat avtomashinasi olish uchun yo‘naltirilgan.
Qarorda qayd etilishicha, tuman hokimiyatiga yangi Captiva xizmat avtomashinasi yetkazib berolmaganligi sababli 14 mln 75 ming so‘m mablag‘ (5 foiz kompensatsiya mablag‘i) tuman hokimligi budjetdan tashqari shaxsiy hisob raqamiga tushirilganligi ma’lumot uchun qabul qilinadi.
Sherobod tumani mahalliy budjetining 2021 yil 3-chorak daromadlar rejasining oshirib bajarilgan qismi mablag‘lari hisobidan xalq deputatlari tuman Kengashining 2021 yil 14-oktabrdagi VI-36-74-8-119-K/21-sonli qarori ilovasi 36-bandiga muvofiq tuman IIB bo‘limining moddiy texnik bazasini rivojlantirish uchun ajratilgan 100 mln so‘m mablag‘i tumanning “Uzunsoy” mahallasi Xatak qishlog‘ida profilaktika inspektori xizmat uyini joriy ta’mirlash hamda tuman IIB bo‘limiga qarashli aholini qabul qilish binosini joriy ta’mirlash uchun yo‘naltirilgan.
Qaror bilan mahalliy budjetning qo‘shimcha shakllangan mablag‘lari favqulodda vaziyatlarda va shunga o‘xshash kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rilishi talab etiladigan hollarda tuman Kengashiga hisobot berish sharti bilan hokimning qarori asosida yo‘naltirilishi mumkinligi belgilangan.
Qarorda yangi avtomobil qay maqsadda va kim foydalanishi uchun xarid qilinayotganiga aniqlik kiritilmagan. Katta ehtimol bilan bu avtomobil hokimbuvaning o‘zlariga xizmat qiladi.
LiveBarchasi