Sher bolasi hujum qilgan 3 yoshli qizcha qanday ahvoldaligi ochiqlandi

Salomatlik

image

Avvalroq, Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi uylarning birida noqonuniy boqilayotgan sher bolasi ushbu hududda yashovchi 3 yoshli qizchani tishlab olgani va u shifoxonada yotqizilgani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati qizchaning ahvoli haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, 7 aprel kuni soat axminan 18:40 da 2019 yilda tug‘ilgan bemor S.M. ota-onasi bilan birgalikda Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 2-son bolalar jarrohlik klinik shifoxonasiga murojaat qilgan. Navbatchi shifokor ko‘rigidan so‘ng u  “boshning tepa sohasida, o‘ng yelkaning tepa uchligida va iyak qismida tishlangan jarohatlar” tashxisi bilan  statsionar davolanish uchun yotqizilgan. 

“Travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limida shoshilinch ravishda barcha kerakli muolajalar o‘tkazildi. Jumladan, quturishga qarshi antirabik vaksina qo‘llanilib, jarohatlarga birlamchi jarrohlik ishlovlari berildi”, deydi muassasa bosh shifokori D.Sabirov. 

Bemor muassasaga olib kelingan vaqtda  umumiy ahvoli o‘rta og‘irlikda baholangan. Hushi joyida bo‘lsa-da, bezovta va qo‘rquv alomatlari ko‘zga tashlangan. Bosh sohasi rentgen va MSKT tekshiruvlaridan o‘tkazilgan.  

Patologik sinish alomatlari kuzatilmagan. Yosh bemor neyroxirurg, nevropotolog  va pediatr kabi qator mutaxassislar tomonidan  konsultatsiya qilingan. 

Shuningdek, unda qo‘shimcha tarzda yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi belgilari bo‘lgani uchun ko‘krak qafasining rentgenografiyasi tekshiruvi o‘tkazilgan. Pediatr tomonidan “O‘tkir respirator infeksiya. Faringobronxit” tashxisi qo‘yilib, davolashni davom ettirish va jarohatlarini nazorat qilib turish maqsadida torakal jarrohlik bo‘limiga o‘tkazilgan. 

“Hozir bolakayning umumiy ahvoli nisbatan qoniqarli. Davo muolajalari reja asosida davom ettirilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi bemorning ahvolini nazoratga olgan. 2-sonli klinik shifoxonaning travmatologiya va neyroxirurgiya bo‘limi boshlig‘i Ismat Nig‘matov hamda Respublika bosh rabiologi Saidvoris G‘aniyev tomonidan bemorning holati muntazam tarzda tekshirib borilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 aprel kuni tumanning “Bahor” mahallasi Navro‘z ko‘chasidagi uylarning birida noqonuniy boqilayotgan sher kechki soat 17:30 da onasi va homilador yangasi bilan do‘konga sut olish uchun chiqqan bolaga hujum qilgan. To‘satdan bolaning orqa tomonidan kelib tashlangan yirtqich qizchaning bosh va yelka qismini tishlashni boshlagan. Ona bolasini sher og‘zidan qutqarib qolgan. 

Voqea kechki payt sherning egalari uydan tashqariga aylantirish uchun olib chiqqan paytda yuz bergan.

Qayd etilishicha, bola Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani 2-son bolalar jarrohlik klinikasida davolanmoqda. Qizchada jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Shu bilan birga, sher egalari qizchaning oilasiga bosim qilgani aytilmoqda.

Hozirda Ekologiya qo‘mitasi tomonidan hujjatlar rasmiylashtirilib, sher bolasi olib ketilgan. Hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘rganilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

258

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing