Shayx Mansurning dala lageri uchun O‘zbekistonda 200 gektar yer ajratiladi
Jamiyat
−
07 iyun 2020
23525Birlashgan arab amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, Prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Al-Nahayonga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida dala lageri qurish uchun yer ajratiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining yer ajratish bo‘yicha maxsus farmoyishi loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjat bilan Qo‘ng‘irot tumanidagi Ustirt plotasi “Yelabad” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi zaxira yer maydonlaridan umumiy maydoni 200 gektar yaylov yerlar Oliy martabali Shayx Mansur bin Zoid Al-Naxayonning O‘zbekiston Respublikasidagi Diplomatik vakolatxonasiga 10 yil muddatga vaqtinchalik foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi.
Oliy martabali Shayx Mansur bin Zoid Al-Nahayonning O‘zbekiston Respublikasidagi Diplomatik vakolatxonasiga dala lagerini qurish uchun ajratilayotgan yer maydonlaridan oqilona va belgilangan maqsadga muvofiq foydalanilmaganda, kimyoviy va radioaktiv ifloslanishiga, atrof muhitning buzilishiga, respublika hududida karantin ob’ektlarning paydo bo‘lishiga va tarqalishiga olib keluvchi usullardan foydalanilganda ajratilgan yer uchastkasining ijara shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishi ham ko‘rsatib o‘tilgan.
Ma’lumot uchun, Shayx Mansur bin Zoid Al-Nahayon BAA Prezidenti Xalifa ibn Zoid Al-Nahayonning ukasi. Shayx Mansur Dubay hokimi Muhammad al-Maktumning qiziga uylangan. Shayx Mansur bin Zoid Al-Nahayon ADUG kompaniyasi va Angliyaning “Manchester Siti” klubi xo‘jayini hisoblanadi.
Hujjat 21 iyungacha muhokamada bo‘ladi. Bu vaqt ichida loyihaga o‘zgartirish kiritilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
LiveBarchasi