Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning yana bir kitobi rus tiliga tarjima qilindi
Jamiyat
−
09 fevral 2019
7887Bugun, 9 fevral kuni “Hilol-nashr” nashriyot-matbaa uyida Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning rus tilidagi navbatdagi kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, mintaqamizni MDH mamlakatlarining ulkan hududi o‘rab turibdi, ulardagi deyarli barcha musulmonlar rus tilida so‘zlashishadi, ushbu tilni tushunishadi, erkin tarzda rus adabiyotini mutolaa qilishadi. Ushbu ulkan hududning musulmonlari yagona islom maktabining tarafdorlari hisoblanishadi.
Taqdimotda nutq so‘zlaganlarning fikriga ko‘ra, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf ushbu hudud musulmonlarining yetakchilaridan biri sifatida, musulmonlarda haqiqiy bilimlarni olish imkoni bo‘lishi uchun odamlarga Islomning asoslarini tushuntirib berish, ularga islom ta’limotning to‘g‘ri talqinini yetkazishni o‘zining burchi, deb bilgan.
“Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, bugungi kunda davlat miqyosida buyuk olim va arbob Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning xotiralariga ehtirom bildirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslariga ko‘ra Toshkentda, bu yerda, bizning yonimizda, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf nomi bilan ataladigan, ma’rifat markazi bilan birgalikdagi masjid majmuasi jadal sur’atlarda bunyod etilmoqda.
Bizning shayximiz o‘z hayotlarini Alloh taoloning haqiqiy diniga chaqirish, payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo sallollohu alayhi vasallamning yo‘llariga ergashish, musulmonlarning ma’rifatli bo‘lishi, bilimlarning tarqatilishi, yoshlarning tarbiyasi, jamiyatning mustahkamlanishiga baxshida etdilar.
Shayxning ishlari davom etmoqda”, deydi marosimda ishtirok etgan Shayxning o‘g‘li Ismoil Muhammad Sodiq.
Tadbirda mehmonlarning e’tiboriga rus tilidagi “Tafsiri Hilol” kitobining o‘n jildi va bugungi kunda dolzarblik kasb etayotgan “Baxtiyor oila” kitobining nashr etilgan nusxalari taqdim etildi.
Ma’lumot o‘rnida, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va uning safdoshlari ilk bor o‘tgan asrning 90-yillarida rus tiliga muqaddas Qur’onning ma’nolarini tarjima qilishgan. O‘rta Osiyo musulmonlari diniy idorasining rus tili bo‘yicha mutaxassislari guruhi “Tafsiri Hilol”ning 29- va 30- poralarini tarjima qilishdi.
LiveBarchasi