Xitoyning noma’lum virusi yana bir mamlakatda aniqlandi
Olam
−
16 yanvar 2020
7341Xitoyda paydo bo‘lgan sirli koronovirus Yaponiya hududida paydo bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u bir kishida aniqlangan. Bu haqda Kyodo News xabar bermoqda.
Yaponiya Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lum qilishicha, ushbu virus Kanagava prefekturasida istiqomat qiluvchi 30 yoshli xitoy millatiga mansub kishida uchragan. Aniqlanishicha, u Yaponiyaga Xitoyning Uxan shahridan kelgan. Uxanda uning harorati ko‘tarilib ketgan, lekin shunday bo‘lishiga qaramay, Yaponiyaga kelishga muvaffaq bo‘lgan va shu yerdagi shifoxonalardan biriga yotqizilgan. Besh kunlik davolanishdan so‘ng, shifoxonadan chiqarilgan. Hozir unda faqat yutal asoratlari saqlanib qolgan. Yaponiya hukumati ushbu kasallik haqida ma’lumot to‘plash maqsadida maxsus shtab tashkil etdi.
Joriy yilning 11 yanvar kuni Xitoyning Uxan shahrida ushbu virusga chalingan ilk odam vafot etdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Xubey provinsiyasida ana shunday koronavirusga chalingan 59 kishi aniqlangan. Kasallik alomatlari Tailandda ham qayd etilgani aytilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida: Yangi aniqlangan virus bemorlarda pnevmoniyani keltirib chiqaradi. Koronaviruslar oilasi tarkibiga yetarlicha ko‘p virus kiritiladi, ammo ulardan faqat oltitasi (va yangi virus bilan yetti) odamga yuqishi mumkin. Koronavirus infeksiyasi o‘rtacha shamollashdan o‘limgacha olib kelishi mumkin.
Sarvar Anvar o‘g‘li
LiveBarchasi