O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti ta’lim yo‘nalishlari tasdiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni asosida tashkil etilgan O‘zbek milliy musiqa san’ati institutidagi ta’lim yo‘nalishlarining ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorida bayon qilingan. 

Qaror bilan Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutiga (Institut) O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutidan o‘tkaziladigan ta’lim yo‘nalishlari (mutaxassisliklar) ro‘yxati tasdiqlandi.

Institut maqom ijrochiligi, baxshichilik va katta ashula yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Institutda o‘quv jarayoni 2020-2021 o‘quv yilidan boshlanadi. 

Shunga ko‘ra, 2020-2021 o‘quv yilida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi hamda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutiga tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishga qabul qilingan, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda tahsil olayotgan talabalar o‘qishlarini Institutda davom ettiradi.

2021-2022 o‘quv yilidan boshlab institutda maxsus sirtqi ta’lim tashkil etiladi hamda unga madaniyat va san’at ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha o‘rta maxsus, kasb-hunar ma’lumotiga va ta’lim yo‘nalishiga muvofiq soha, kasb, lavozimlarda kamida 3 yillik amaliy ish stajiga (pedagogika yo‘nalishlari uchun pedagogik stajga) ega bo‘lgan, Madaniyat vazirligi tomonidan berilgan tavsiyanomaga ega, test sinovlari (kirish imtihonlari va kasbiy suhbat)dan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlar qabul qilinadi.

2021 yildan boshlab respublikadagi bolalar musiqa va san’at maktablari, ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari, maktab-internatlar hamda madaniyat, musiqa va san’at kollejlariga Institutning yetakchi professor-o‘qituvchilarni biriktirish orqali “mahorat maktablari” yo‘lga qo‘yiladi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu institut Prezident Shavkat Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori asosida tashkil qilingan. 

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

27

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing