Mehnat bilan ta’minlaymiz desak, odamlarda boqimandalik kayfiyati uyg‘onadi – Umurzoqov
Jamiyat
−
18 fevral 2020
6398O‘zbekiston parlamenti yangi tahrirdagi “Mehnat kodeksi”ni qabul qilishi kerak. “O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimlik vakillik organlarining rolini oshirish” mavzusidagi xalqaro konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov ushbu talab bilan chiqish qildi.
“Yangi tahrirdagi kodeksda uchta muhim masala qizil chiziqda turibdi.
Buning birinchisi – O‘zbekistonda mehnat faoliyati erkinligi. Xabaringiz bor, Prezidentimiz farmonlari bilan O‘zbekistonda majburiy mehnat ma’n qilingan. Majburiy mehnatga undagan shaxslar va rahbarlar jinoiy javobgarlikka tortilishi bo‘yicha jinoyat kodeksiga yangi moddalar kiritildi. Yana bir tarafi biz aholini mehnat bilan band qilish masalalari bo‘yicha yangi qonun qabul qilyapmiz. Biz ko‘pincha mehnat va ish bilan ta’minlash haqida gapiramiz. Ming afsuski, bu SSSRdan qolgan so‘z. Ya’ni, mehnat bilan ta’minlab bo‘lmaydi. Mehnatga jalb qilinadi, mehnatga qiziqtiriladi. Mehnatda yaxshi sharoitini yaratsak, odamlar bajonidil ishlaydi. Lekin, ta’minlaymiz desak, odamlarda boqimandalik kayfiyati uyg‘onadi. Meni davlat ta’minlaydi, degan psixologiya paydo bo‘ladi”, deydi vazir o‘rinbosari.
Qayd etilishicha, bugungi kundagi talabdan kelib chiqib O‘zbekistonda 500 mingta yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilmoqda. Bundan 214 minggi investitsion loyihalar va ijtimoiy infra tuzilmalariga, 286 minggi tarmoq, hududiy va boshqa investitsiyalarga to‘g‘ri keladi. Bu haqda gapirarkan, vazir o‘rinbosari gap miqdorda emasligini urg‘uladi.
“Gap miqdor haqida ketmayapti. Yangi yaratilayotgan ish o‘rinlarining qanchasi innovatsion malaka talab qiladi, qanchasi o‘rta-maxsus bilim talab qiladi, qanchasi yuqori professional ishchi joylarini talab qiladi degan savolga ham javob beryapmiz”.
Konferensiyada qayd etilishicha, ayni vaqtda Bandlik va mehnat vazirligi tomonidan hamkorlik tashkilotlar bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan bo‘lib, unga qaysi hududda, qaysi sohada yangi ish joylarini barpo etish va bu ish joylar uchun qancha odamni o‘qitish masalalari kiritilmoqda.
LiveBarchasi