Shavkat Mirziyoyev Turkiy kengash bosh kotibini qabul qildi
Jamiyat
−
12 noyabr 2021
2277Kecha, 11 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahriga kelgach, o‘ziga ajratilgan qarorgohda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibi Bag‘dod Amriyevni qabul qildi.
Tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Kengashga a’zo davlatlar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot jadal rivojlanayotgani va amaliy hamkorlik kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Xususan, keyingi yillarda O‘zbekistonning Turkiy kengash mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi ikki barobarga ortdi, qo‘shma korxona va loyihalar soni 4 mingtaga yaqinlashdi.
Joriy yilda mamlakatimizda Tashkilotning qator muhim tadbirlari, jumladan, Xiva shahrida madaniyat vazirlari, Qo‘qon shahrida turizm vazirlarining uchrashuvlari, Toshkent shahrida yoshlar forumi o‘tkazildi.
O‘zbekiston yetakchisi butun mintaqa barqarorligi va ravnaqini ta’minlashga qaratilgan muhim loyiha va dasturlarni ilgari surishda Kengash imkoniyatlaridan samarali foydalanish muhim ekanini alohida ta’kidladi.
Uchrashuv davomida bosh kotib Bag‘dod Amriyev davlat rahbariga bo‘lajak sammitga tayyorgarlikning borishi, tadbir dasturi va kun tartibidagi masalalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
LiveBarchasi