Shavkat Mirziyoyev YeXHT raisini qabul qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 aprel kuni O‘zbekistonda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) amaldagi raisi, Shvetsiya Qirolligi tashqi ishlar vaziri Ann Linde boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda O‘zbekistonning YeXHT bilan konstruktiv sherikligini rivojlantirish, O‘zbekiston bilan Shvetsiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Davlat rahbari YeXHT bilan samarali muloqotning bugungi darajasini mamnuniyat bilan qayd etgan hamda Shvetsiyaning tashkilotga raisligining ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Keyingi yillarda, shu jumladan ushbu nufuzli mintaqaviy tashkilotning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori ofisining izchil sa’y-harakatlari tufayli o‘zaro muloqot va almashinuvlar jadallashgani ta’kidlangan.

Suhbatda O‘zbekiston Prezidenti YeXHT bilan ko‘p qirrali sheriklikni, avvalo, O‘zbekistonda muhim ichki siyosiy tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik doirasida kengaytirishning asosiy yo‘nalishlariga alohida to‘xtalgan.

O‘zbekiston tashkilotning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi va Parlament assambleyasi bilan sermahsul muloqotni davom ettirishdan manfaatdor ekani qayd etilgan.

Yaqin orada bir qator qo‘shma tadbirlarni tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shvetsiya bilan ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, ta’lim sohasida hamkorlik qilish, Shvetsiya yetakchi kompaniyalarining innovatsiyalari va investitsiyalarini O‘zbekistonga jalb etish, savdo va kooperatsiya aloqalarini kengaytirishni muhim yo‘nalishlar sifatida qayd etgan.

Qayd etilishicha, Shvetsiyada O‘zbekistonning diplomatik missiyasini tashkil etish mamlakatlar o‘rtasidagi va umuman skandinav davlatlar bilan hamkorlikning mavjud salohiyati va keng imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilishiga ishonch bildirilgan.

“YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri iliq qabul va ochiq suhbat uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ann Linde O‘zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan demokratik yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash borasidagi siyosatni yuqori baholadi va qo‘llab-quvvatladi”, deyiladi xabarda.

YeXHT doirasidagi qo‘shma tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanayotgani hamda Shvetsiya bilan amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga yuksak e’tibor qaratilayotgani uchun minnatdorlik bildirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing