Shavkat Mirziyoyev Si Szinpin bilan muloqot qildi

Jamiyat

image

Bugun, 29 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari bo‘lajak muhim sanalar munosabati bilan bir-birini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirgan. Joriy yilda XXRda Xitoy Kommunistik partiyasi tashkil topganining 100 yilligi, O‘zbekistonda esa O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi keng nishonlamoqda. Yetakchilar do‘st xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

Muloqotda ikki tomonlama va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari muhokama qilingan.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Xitoy do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“XXR Raisi O‘zbekistonda aholi turmush darajasi va sifatini yuksaltirishga qaratilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va yangilanishlarni yuqori baholadi va ularni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha Xitoyda to‘plangan katta tajribani chuqur o‘rganish masalasida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun XXR yetakchisiga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston va Xitoyning vakolatli idora va tashkilotlari sog‘liqni saqlash sohasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlab, aholini ommaviy emlash bo‘yicha birgalikdagi samarali ishlarni kengaytiradi.

O‘zbekiston Prezidenti “Yagona Xitoy” siyosatini hamda “uch yovuz kuch” – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarni doimo qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidlagan.

“Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi samarali muloqot, shu jumladan mintaqada muhim infratuzilmaviy loyihalarni, ular qatorida “XXR – Qirg‘iziston - Xitoy” avtomobil va temir yo‘llarini qurish loyihasini ilgari surish ishlari davom etayotgani qayd etilgan. O‘zbekistonning Markaziy va Janubiy Osiyo o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash bo‘yicha taklifi qo‘llab-quvvatlangan.

Yetakchilar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida to‘xtalgan.

“Murakkab sharoitlarga qaramasdan, pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish va joriy yil boshidan o‘zaro savdoning 33 foizga o‘sishini ta’minlashga erishilgani ta’kidlandi. Muhim qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish davom etmoqda. Mamlakatlarimiz yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, eksport va import ko‘rsatkichlarining mutanosibligini ta’minlash sari muvaffaqiyatli harakat qilmoqdalar. O‘zbekiston Shanxay shahrida o‘tadigan navbatdagi Import mahsulotlari Xitoy xalqaro ko‘rgazmasida faol ishtirok etadi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Xitoy yetakchi korxonalarining turli tarmoqlardagi kooperatsiyasini kuchaytirish, shuningdek, iqtisodiyotning yuqori texnologik tarmoqlaridagi loyihalarni ilgari surishda o‘zaro ko‘maklashish zarurligini qayd etdilar. Keng ko‘lamli savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik bo‘yicha o‘rta muddatli qo‘shma dasturni tayyorlash va qabul qilish yuzasidan kelishuvga erishildi”, deyiladi xabarda.

O‘zbekiston yetakchi bank-moliya institutlarining Xitoy Davlat taraqqiyot banki va Eksimbanki, Ipak yo‘li fondi bilan hamda xalqaro moliyaviy tashkilotlar doirasidagi sherikligining bugungi darajasi yuksak baholangan.

Yetakchilar O‘zbekiston-Hitoy hukumatlarararo qo‘mitasi faoliyatini kuchaytirish va yaqin fursatda uning navbatdagi majlisini o‘tkazish topshirig‘ini bergan.

Parlamentlararo aloqalarni davom ettirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi faol almashinuvlarni qayta tiklash, madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik dasturlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

Suhbat chog‘ida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan “Xitoy – Markaziy Osiyo” formatidagi hamkorlik yuzasidan ham fikr almashilgan.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi ko‘p tomonlama munosabatlar va amaliy hamkorlikni kengaytirish, mamlakatimizda ushbu tashkilotning sammitini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi. SHHT Muloqot guruhining Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga ko‘maklashish va ushbu mamlakatni iqtisodiy tiklashdagi muhim o‘rni qayd etildi.

Yetakchilar bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqqan hamda rejadagi XXR Raisining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifiga keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish, ko‘p asrlik mustahkam do‘stlik rishtalari va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda muhim tarixiy ahamiyat kasb etadigan voqea sifatida puxta tayyorgarlik ko‘rish muhim ekanini qayd etdilar.

O‘zbekiston Prezidenti va XXR Raisining telefon orqali muloqoti har doimgidek, ochiq, do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

5

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing