Sherobodning qovunlari. Mirziyoyev agrosanoat korxonalarini ko‘zdan kechirdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Sherobod tumanidagi zamonaviy issiqxonani ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, “Sherobod agro impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ushbu majmua o‘tgan yili ishga tushirilgan. 29 gektarlik issiqxonada pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, baqlajon kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirilmoqda. Bu yerda 200 nafar mahalliy yoshlar ishlamoqda.

Mahsulot hajmini ko‘paytirish orqali uning tannarxini arzonlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Shu yerda “Sherobod anor impeks” korxonasi ham tashkil etilgan. 5 million dollarlik mazkur loyiha natijasida anorni qadoqlash va qayta ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Uskunalar Janubiy Koreya va Sloveniyadan keltirilgan.

“Anor bo‘lmagan paytda korxona to‘xtab qolmaydi. Meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini saralab, bozorga chiqaradi. Korxona 6 ming tonna qadoqlash, 2 ming tonna anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu yerda 70 kishi ish bilan ta’minlangan”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, anor mevasi aholi va bog‘dorchilik xo‘jaliklaridan sotib olinadi. Sherobod tumanida bir yilda qariyb 30 ming tonna anor yetishtiriladi. Shundan 8 ming tonnasi eksportga chiqarilmoqda.

Yaqingacha tumanda 2 ming 400 gektar anorzor bor edi. Joriy yilda hosildorligi past bo‘lgan 3 ming gektardan ziyod paxta va g‘alla maydonlari o‘rnida fermer xo‘jaliklari va tadbirkorlar tomonidan anor bog‘lari tashkil etildi. Buning natijasida qo‘shimcha 3 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Uch yildan keyin bu yangi ko‘chatlardan 18 ming tonna hosil olish mumkin. Uning 8 ming tonnasi qayta ishlanishi va 10 ming tonnasi eksport qilinishi rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

90

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing