Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyoboniga bordi (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Bugun, 31 avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Shahidlar xotirasi xiyoboniga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, 31 avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni. Shu munosabat bilan Shahidlar xotirasi xiyoboniga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar yig‘ildi. Marosimda Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

 Ajdodlar haqiga Qur’on tilovat qilindi. Elga osh tortildi.

“Bu marosim Mustaqillik bayrami bilan hamohang o‘tishi, millat oydinlari yodga olinishidan ko‘ngil entikadi. Bu Vatanga fidoyilik yillar o‘tsa-da qadrlanishi, hech bir ezgu ish izsiz ketmasligini anglatadi”, deyiladi xabarda.

Xiyobondagi ramziy qabr yonida ham Qur’on tilovat qilindi. Tarixiy haqiqatni tiklash, yoshlarni shu ruhda tarbiyalash haqida muloqot bo‘ldi.

“Mustaqillik bayrami arafasida, bugungi tinchlik, erkinlik sharoitida qahramon bobolarimizning pok nomlarini eslash, tabarruk xotiralariga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham qarz, ham farz. Shu bois dunyodan o‘tgan vatandoshlarimizning ham qadrini tiklayapmiz. “Inson – aziz, xotira – muqaddas” degan ezgu shior hayotimizdan mustahkam joy olyapti. Tabarruk yodgorlik majmualari bunyod etyapmiz. Ma’rifatparvar bobolarimiz haqida badiiy va ilmiy asarlar, kinofilmlar yaratilmoqda. “Xotira” kitoblari tayyorlanmoqda. Xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda.  Mana, so‘nggi uch yil ichida 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatag‘on qurbonlarining nomini oqladik. Bu nimani anglatadi? Bu – adolat sinmasligini, haqiqat baribir tantana qilishini anglatadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.  

O‘tgan yilgi marosimda Shavkat Mirziyoyev joylardagi qatag‘on qurbonlarini aniqlash, bu borada tadqiqotlarni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi. 

Shu asosida joriy yil 19 iyul kuni “Siyosiy qatag‘on qurboni bo‘lgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini o‘rganish, targ‘ib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, bu ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilib, Mudofaa vazirligi boshchiligida bir qator mutasaddi tashkilotlar biriktirildi.

Prezident ushbu qarorning mohiyati va maqsadi haqida gapirdi:

“Shu paytgacha qatag‘on qurbonlarining to‘liq ro‘yxati shakllantirilmagan edi. Holbuki, bu ro‘yxatdagi har bir raqam ortida inson taqdiri bor. Shahid ketgan, qatag‘on qilingan har bir yurtdoshimizning hayoti – qahramonlik. Shu bois biz qarorda qatag‘on qurbonlarini nomma-nom aniqlash, ularning ibratli hayotini o‘rganish va tadqiq etish masalasiga alohida e’tibor qaratdik. Tarixiy haqiqatni tiklash maqsadida ularning tabarruk nomlarini ko‘p jildlik “Qatag‘on qurbonlari” kitobiga hamda mana shu majmuada barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga yozib qo‘yamiz. Afsuski, chet davlatlarda, hatto o‘zimizdagi arxivlarda bu masalaga oid barcha ma’lumotlarni ham to‘liq o‘rganganimiz yo‘q. Shu sababli, bu borada ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish belgilandi. Endi har yili oktyabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatag‘on qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlaymiz.

Nima uchun bu vaqt tanlandi? Chunki 1938 yil 4-16 oktyabr kunlari 507 nafar o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm o‘qilgan. Eng yetakchi shaxslar qatl etilgan. Ular orasida Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Xudoybergan Devonov kabi yetuk ziyolilarimiz, Germaniyada o‘qib kelgan ilg‘or mutaxassislar, taniqli davlat va jamoat arboblari bo‘lgan. Eng dahshatli tomoni – ular 4 oktyabrda qatl etilgan, hukm 5 oktyabrda chiqarilgan.

 Bu sana xalqimiz tarixidagi eng qayg‘uli kunlardan biridir. Shuning uchun bu haftalikni katta tayyorgarlik bilan, birdamlikda o‘tkazishimiz kerak, deydi ta’kidladi Prezident.

Qarorga ko‘ra, mazkur haftalik davomida aholi o‘rtasida uchrashuvlar, turli ko‘rgazma va tanlovlar, shu mavzudagi kino namoyishlari o‘tkaziladi. Viloyat, tuman va shaharlar hokimlari, vazirlik va idoralar rahbarlari, boshqa mas’ul shaxslar qatag‘on qurbonlari yashab o‘tgan xonadonlarga kirib, ularning avlodlaridan xabar oladi.

Muloqotda Bosh vazirga ushbu ishlarni tashkil etish va ijrosini nazoratga olish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda Toshkentdagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi rekonstruksiya qilinishi bilan birga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda ham shunday muzeylarni tashkil etilgan. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Qarshi, Farg‘ona viloyatlaridagi muzeylar e’tiborga molik. 

Prezident bunday xayrli ishlarni davom ettirish, jadidlar hayotiga oid noyob hujjat va eksponatlar bilan jamoatchilikni kengroq tanishtirish kerakligini ta’kidladi.

To‘g‘ri, keyingi vaqtlarda bu boradagi ishlarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘p noma’lum nomlar aniqlandi. Kitoblar, kinolar chiqarildi. Lekin buyam kam. Bu borada ham mahallabay izlanish olib borish, bunga barcha ziyolilar, nuroniylar, huquq himoyachilari hissa qo‘shishi maqsadga muvofiq. Bu qadriyatga, umummilliy harakatga aylanishi kerak, – deydi Mirziyoyev.

Tadqiqotchilarni moddiy rag‘batlantirish, arxiv ma’lumotlarini ochiqlash, tarixni yoshlarga to‘g‘ri yetkazish muhimligi qayd etildi.

Biz nima uchun Imom Buxoriy muzeyini tashkil qilyapmiz? Nima uchun tarixiy kinolar ishlatyapmiz? Chunki eng katta maktab, eng katta tarbiya – tarixning o‘zi. Yoshlarimiz tariximizni yaxshi bilishi, boshqalardan emas, o‘zimizning bobolarimizdan namuna olishi kerak. Buning asosini mukammal qilib, yoshlarga munosib tilda, qiziqarli tarzda, ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish, jamiyatga singdirish zarur. Yosh avlodni shu ruhda tarbiyalasak, o‘z tanlagan yo‘limizdan qat’iy bora olamiz, deydi Shavkat Mirziyoyev.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Shahidlar xotirasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing