Shavkat Mirziyoyev sanoat o‘sishi past tumanlarni “oyoqqa turg‘azish”ni topshirdi

Jamiyat

image

O‘zbekistondagi viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari sanoat o‘sishi past tumanlarga borib, bir oy shu yerda qolib ishlaydi. Bu haqda bugun, 13 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z raisligida o‘tayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda mutasaddilarga topshiriq berdi.

Yig‘ilishda hududiy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha viloyat, tuman hokimlariga ham savollar ko‘pligi qayd etilgan. So‘nggi uch yilda jami investitsiyalar 1,8 barobarga ko‘paygan. Lekin ayrim tumanlarda investitsiyaning sanoatga ta’siri ko‘rinmayotgani tanqid qilingan.

Masalan, Karmanada investitsiya yiliga 50 foizdan o‘sib borgani bilan sanoati atigi 4 foiz oshgan. Xususan, faoliyat yuritayotgan 495 ta korxonadan 470 tasida rasmiy ishchilari 5 nafarga ham yetmaydi, faoliyat to‘xtagan deb hisobot topshirgan 20 ta korxona elektr va gazdan haligacha foydalanyapti. Zafarobod tumanida ham shu ahvol. Investitsiya 4 barobar o‘sgan, lekin sanoatda o‘zgarish yo‘q.

Umuman, uch yilda respublika sanoati 21 foizga o‘sgan bo‘lsa, Xatirchi, Karmana, Uchqo‘rg‘on, Bag‘dod, Oqqo‘rg‘on, Bo‘ka, Uzun, Jarqo‘rg‘on, Yakkabog‘, Payariq, Mirzaobod va Zafarobodda bu ko‘rsatkich 10 foizga ham yetmagan.

Ushbu tumanlar joylashgan viloyatlar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlariga 12 ta tumanga borib, bir oy shu yerda qolib ishlash, ishlab chiqarish pasaygan korxonalarni “oyoqqa turg‘azish”, ushbu tumanlar sanoatida bu yil o‘sish sur’atini oshirish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda aholining mahalliy avtomobillarga talabini rag‘batlantirish maqsadida avtokredit stavkasi pasaytirilishi va hajmini oshirish chorasi ko‘rilishi yuzasidan mutasaddilarga topshiriq berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev sanoat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing