Shavkat Mirziyoyev Samarqanddagi xonadonda mehmon bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 24 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi Sharq tongi mahallasida bo‘ldi. U yerda qariyb 3 ming aholi istiqomat qiladi. Oilalar, asosan, tadbirkorlik va hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi.

Davlat rahbari shu mahallada yashovchi Abdunabi Abdunasimov xonadoniga kirib, yashash sharoitlari, fikrlari bilan qiziqdi.

Abdunabi ota sog‘liqni saqlash sohasida ishlab, nafaqaga chiqqan. Turmush o‘rtog‘i Gulchehra aya bilan besh farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ayni paytda farzandlari, nabira va evaralari e’zozida yashamoqda.

Mehnat faxriylari oila hayoti, kechagi va  bugungi kunlar farqi haqida so‘zlab berdi. 

“Ilgari davlat, jamiyat, inson degan tamoyil bor edi. Biz endi inson, jamiyat, davlat deyapmiz. Inson qadrini birinchi o‘ringa qo‘yayapmiz. Hamma ijro organlari, iqtisodiy kompleks quyi tizimga tushib, odamlarga ko‘makchi bo‘ladi. Shu bilan birga, insonning o‘zi ham harakat qilishi, sharoitlardan unumli foydalanishi kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Xonadondan chiqqanda nuroniylar, mahalla faollari bilan samimiy suhbat bo‘ldi. Ular mamlakatdagi, iqtisodiyot tarmoqlaridagi o‘zgarishlar har bir shahar va tumanda sezilayotgani haqida gapirdi.

“Oxirgi yillardagi harakatlarimiz tufayli hokimliklarda mahalliy byudjet paydo bo‘ldi. Bu yo‘q edi. Endi mahallalarda byudjet tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Tasavvur qilinglar, o‘zining puli bo‘lsa, mahalla qanday o‘zgaradi - yo‘lini to‘g‘rilaydi, suv olib keladi, shoxobcha ochadi. Kelgusida mahallaga pul ham kiradi, talab ham boshqacha bo‘ladi”, deydi Prezident. 

Nuroniylar O‘zbekistonga tinchlik, xalqqa to‘qlik-farovonlik tilab duo qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

189

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing