Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor bo‘lib o‘tdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 7 iyun kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishni jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, davlat rahbarining Qoraqalpog‘iston va viloyatlarga tashriflari chog‘ida qator korxonalar ishga tushirilgan, yana ko‘plarining taqdimotlari o‘tkazilgan edi. Bundan tashqari, hozirda Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligida ishchi guruh tuzilib, sanoati nisbatan ortda qolayotgan hududlar bo‘yicha qo‘shimcha sanoat loyihalari ishlab chiqilmoqda. Bu loyihalarni infratuzilma quvvatlari mavjud ob’ektlar va maydonlarga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yig‘ilishda shu borada amalga oshirilayotgan ishlar Andijon viloyati misolida tahlil qilindi. 

Mazkur viloyatda sanoat diversifikatsiya qilinmagani, ishlab chiqarish faqat ikki tarmoq – avtomobilsozlik va to‘qimachilikka bog‘lanib qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Hududiy sanoatda band bo‘lganlarning qariyb 60 foizi, ishlab chiqarish hajmining 83 foizi ushbu tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. Bo‘z, Buloqboshi, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Marhamat, Paxtaobod, Jalaquduq, Baliqchi, Ulug‘nor tumanlarida sanoat yaxshi rivojlanmagan. 

Aholi zich yashaydigan, har qarich yer oltinga teng bo‘lgan viloyatda 98 ta davlat ob’ektida zarur infratuzilmaga ega 90 gektar maydon va 163 ming kvadrat metr bino bo‘sh turibdi. Prezidentning bunday bino va yerlardan samarali foydalanib, ko‘proq ish o‘rni yaratadigan korxonalar tashkil etish, tumanlarda sanoatni diversifikatsiya qilishga oid topshirig‘iga muvofiq, Andijon viloyatida 2022 yilgacha amalga oshiriladigan 236 ta yangi loyiha ishlab chiqildi. 

Ular, avvalgi loyihalar bilan qo‘shib hisoblaganda, yaqin uch yilda qariyb 41 mingta doimiy ish joyi tashkil etish hamda 1 milliard 87 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish imkonini beradi. Viloyat sanoati diversifikatsiya qilinib, ishlab chiqarish hajmi qurilish materiallari tarmog‘ida 4 barobar, elektrotexnika, charm-poyabzal va kimyo sohalarida 2,1 barobar, oziq-ovqat sanoatida 3 barobar ko‘payadi. Tumanlar miqyosida olganda, ularning sanoat salohiyati ancha oshib, o‘zaro tafovuti kamayadi. 

Yig‘ilishda har bir loyiha bo‘yicha ijro jadvallari ishlab chiqib, o‘z muddatida amalga oshirish, loyihalarni elektr energiyasi va zarur resurslar bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlat rahbari Farg‘ona vodiysida sanoat va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun investitsiya fondi tuzilishini ta’kidladi. Ushbu fond foizli kreditlar ajratmaydi, balki loyihada o‘z mablag‘lari bilan biznes hamkor sifatida ishtirok etadi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu sa’y-harakatlar Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining har birida 10 mingta yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.

Shuningdek, kichik biznes loyihalari uchun garovsiz mikrokredit tizimini rivojlantirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. 

Videoselektorda bo‘sh turgan yoki samarali foydalanilmayotgan davlat va nodavlat ob’ektlari hisobini yuritish, ular negizida korxonalar tashkil etib, ish o‘rinlari yaratish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.

Bo‘sh turgan bino va inshootlarni ishga solish bo‘yicha ko‘plab vakolatlar berilganiga qaramay, mahalliy hokimliklar va soliq idoralari bu borada sezilarli o‘zgarish qilmagani tanqidiy baholandi. Ishlamay turgan inshootlar hududida barcha infratuzilmaga ega 22 ming gektar maydon borligi ko‘rsatib o‘tildi. Aslida ular sanoatni rivojlantirish, ish o‘rinlari tashkil etish uchun tayyor joy. 

Yig‘ilishda ushbu masala bo‘yicha vazirliklar va hokimliklar oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining takliflari eshitildi. 

Videoselektorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, o‘zlashtirish va loyihalarni muddatida ishga tushirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati tarmoq va hududlar kesimida muhokama qilindi.

Joriy yilning besh oyi mobaynida hududiy loyihalar doirasida 1,6 milliard dollar, tarmoq loyihalari doirasida qariyb 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilgani qayd etildi. Lekin, bu belgilangan mo‘ljaldan kamligi, ayrim viloyatlarda o‘zlashtirish yillik rejaning 35 foizga ham yetmagani ko‘rsatib o‘tildi. 

Xususan, Andijon viloyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi bois, Investitsiya va tashqi savdo vaziri o‘rinbosarlari viloyatdagi sanoat tarmoqlariga mas’ul etib biriktirildi. Ular  tarmoq birlashmalarini jalb etib, bo‘sh turgan ob’ekt va maydonlar negizida investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xorijiy investorlar uchun takliflar ishlab chiqadi. Mazkur takliflar elchilar bilan birgalikda chet elda investorlarga taqdimot qilinadi.

Mutasaddilarga ushbu yangi tizimni boshqa hududlarda ham joriy qilish, joylarga chiqib, xorijiy investorlar ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi. 

Yig‘ilishda mahalliy hokimliklar rahbarlarining chet elga xizmat safarlari chog‘ida erishilgan kelishuvlar ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Aksariyat kelishuvlar doirasida investitsiyalarni o‘zlashtirish boshlangan bo‘lsa-da, ayrimlari hozircha qog‘ozda qolib ketayotgani tanqid qilindi. 

Muhokama qilingan masalalar yuzasidan tarmoq va hududlar rahbarlari axborot berdi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Videoselektor

Baholaganlar

37

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing