Shavkat Mirziyoyev oddiy ustalar va ularning shogirdlari mehnat sharoiti bilan tanishdi
Jamiyat
−
28 fevral 2020
6235O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yashnobod tumanidagi “Ishga marhamat” mono-markazi faoliyati bilan tanishdi, ustalar va kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
Yashnobod tumanida 2019 yil sentyabr oyida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” mono-markazi ana shunday muassasalardan biri. Unda qurilish, maishiy xizmat, texnik-muhandislik kabi sohalar bo‘yicha 22 ta kasbga o‘rgatish yo‘lga qo‘yilgan. Buning uchun zarur stanoklar, mebel, mulyaj va boshqa amaliyot vositalari keltirib o‘rnatilgan. Markaz yiliga 5 ming 600 kishini o‘qitish imkoniyatiga ega.
Bu yerga kelgan odamga avval bandlik masalalari bo‘yicha maslahat xizmati ko‘rsatiladi. Doimiy ishga ega bo‘lmasa, bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj murojaatchilar doimiy kvotali ish bilan ta’minlanishi ham mumkin.
Kasbiy malaka talab etiladigan ishni tanlaganlar shu yerdagi o‘quv kursiga jalb qilinadi. Boshqa mamlakatda ishlash istagini bildirgan fuqarolarga bu boradagi ko‘nikma va xorijiy tillar o‘rgatiladi.
Markazda ingliz, turk, yapon, xitoy, koreys va rus tillari o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar faoliyat yuritmoqda.
Prezident markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, usta va kasb o‘rganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.
Bunday markazlar odamlarning talab bor kasblarni tezda o‘rganib, o‘z ishini topishi uchun juda muhimligini, bo‘sh turgan kollej va boshqa binolarni ta’mirlab, Toshkent shahrining har bir tumani va barcha viloyatlarda shunday muassasalar tashkil etish lozimligini ta’kidladi.
Kasb-hunar yo‘nalishlarini shu ixtisoslikdagi o‘quv yurtlariga biriktirib, yuqori malakali o‘qituvchilarni jalb etish, shuningdek, kechki saboqlarni ham yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
LiveBarchasi