Shavkat Mirziyoyev Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi
Jamiyat
−
24 yanvar 2023
4526O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 24 yanvar kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.
Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston-Turkiya keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
“Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Chavusho‘g‘li Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi. Davlatimiz rahbari oliy darajadagi muntazam va sermahsul muloqotlar ko‘p qirrali hamkorlikning jadal rivojlanishiga xizmat qilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston-Turkiya o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi oshib, o‘tgan yilda 370 ta yangi qo‘shma korxona tashkil etilgan. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviatashuvlar soni ham ko‘paygani urg‘ulandi.
“Turkiyaning yetakchi kompaniyalari ishtirokida, shu jumladan sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish dasturlari doirasida yangi investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Qolaversa, xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. Ko‘p tomonlama tuzilmalar, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Mirziyoyev Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirini qabul qilgan edi.
LiveBarchasi