Shavkat Mirziyoyev “Forish” tog‘ poligonida harbiy mashg‘ulotlarni tomosha qildi
Jamiyat
−
11 yanvar 2021
9865Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ta’tildan qayti Jizzaxdagi Markaziy harbiy okruga tashrif buyurgani haqida xabar bergan edik. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev “Forish” tog‘ poligonida Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar tayyorgarligi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
2018 yil mart oyida mazkur hududda bo‘lib, bu yerni namunaviy poligonga aylantirish, yangi konsepsiya ishlab chiqib, mamlakatdagi barcha harbiy poligonlarni modernizatsiya qilish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi. Qayd etilishicha, ular asosida ushbu maxsus o‘quv-sinov maydoni zamon talablariga moslashtirilgan, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilg‘or sharoitlar yaratilgan.
“Buning natijasini baza infratuzilmasi yangilanganidan so‘ng, bu yerda 2019 va 2020 yillarda o‘tkazilgan Xalqaro armiya o‘yinlarida O‘zbekiston Mudofaa vazirligi terma jamoasi birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelayotganida ham ko‘rish mumkin”, deyiladi xabarda.
Poligon hududida qurilgan ob’ektlar haqida dastlab joy maketi orqali ma’lumot berilgan. Prezident harbiylar yotoqxonasi, suzish havzasi, sport zalidagi sharoitlar bilan tanishgan. Markaziy va Sharqiy harbiy okruglarning regbi bo‘yicha terma jamoalari musobaqasini kuzatgan.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni harbiy xizmatchilar bilan bir dasturxon atrofida samimiy suhbatlashgan. Iste’dodli askarlar baxshichilik san’atidan namunalar ijro etgan.
Prezident “Forish” tog‘ poligonida qo‘shinlar ixtiyoridagi zamonaviy qurol-aslaha va harbiy texnikalarni ko‘zdan kechirgan.
Shundan so‘ng, Markaziy harbiy okrug qo‘shinlarining shartli dushmanni yo‘q qilish bo‘yicha jangovar mashg‘ulotlari, harbiy muhandislik amaliyotlari namoyish qilingan.
Shu yerda shaxsiy tarkib bilan muloqot bo‘lgan. Prezident dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini ta’minlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning o‘zagini tashkil etishi kerakligini ta’kidlagan.
“Bu poligon xalqaro standartlarga mos bo‘lishi kerak. Askar va zobitlarni tayyorlash shunga muvofiq bo‘lishi zarur. Buning uchun sifat, jangovar mahoratga alohida e’tibor qaratish lozim”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Shuningdek, Prezident harbiylarni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan tabrikladi.
“Keyingi yillarda bayram arafasida uchrashish an’anaga aylandi. Bugungi Qurolli Kuchlarimiz besh yil oldingi armiya emas. Mudofaa doktrinamiz bo‘yicha qilingan ishlar natijasida milliy armiyamizning salohiyati har tomonlama oshdi. Erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan birga oldimizda ko‘p rejalar, vazifalar turibdi. Qo‘shinlarning jangovar holatini yanada mustahkamlashimiz kerak. Buning uchun bilim, tajriba, tayyorgarlik zarur”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident qo‘shinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar bergan. Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib kelgan.
LiveBarchasi