Shavkat Mirziyoyev eski shahardagi mahallaga bordi
Jamiyat
−
23 yanvar 3225 3 daqiqa
Bugun, 23 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Xastimom mahallasi Zarqaynar ko‘chasida tashkil etilgan turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, turizm kam mablag‘ bilan ko‘p ish o‘rni yaratadigan, aholi daromadi va hududlar qiyofasini yaxshilaydigan soha. Toshkent shahrida bu borada imkoniyatlar ko‘p. Jumladan, Olmazor tumanida ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish maqsadida 447 gektar hududni qamrab olgan loyiha amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, 15 ta mahallani o‘zaro bog‘lovchi tuman ahamiyatidagi 6 ta ko‘chada turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari barpo etiladi.

Mazkur loyihaning bir qismi – Zarqaynar ko‘chasida bajarilgan bunyodkorlik ishlari. Bu hudud asrlar davomida shakllangan tarixiy qiyofasi, milliy me’morchilik an’analari va hunarmandchilik ruhi bilan ajralib turadi.

Respublika byudjetidan ajratilgan 150 milliard so‘m hisobiga bu yerdagi 576 ta xonadon milliy ko‘rinishda ta’mirlanib, mahalla tarixiy muhitga uyg‘un qiyofa kasb etgan. Yuz nafar tadbirkor tomonidan 166 milliard so‘m investitsiya kiritilgani natijasida 7 ta mehmonxona, 8 ta restoran, 5 ta hunarmandlik markazi, 1 ta savdo markazi, 125 ta xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilgan, 1500 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.

Davlat rahbari yangilangan ko‘cha bo‘ylab yurar ekan, milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirgan. Shu yerda istiqomat qilayotgan oilalar, turistlar, hunarmandlar bilan samimiy suhbatlashgan.

“Biz turistlar uchun sharoit yaratishni istaymiz, lekin buning asosini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz”, deydi Prezident.
Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan.

Shu yerda davlat rahbariga “Olmazor” innovatsion o‘sish hududini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja taqdimot qilingan. Taqdimotda hududni fazoviy-hududiy rivojlantirish konsepsiyasi, ehtiyojlarni baholash natijalari hamda funksional zonalashtirish yechimlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Master-rejaga muvofiq, ta’lim-innovatsiya, turizm va savdo, madaniy meros, biznes hamda IT xizmatlarini qamrab olgan “rivojlanish koridorlari” shakllantiriladi.

Eski shahar atrofida Talabalar shaharchasi, universitet va texnoparklar sog‘liqni saqlash ob’ektlari, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, Hazrati Imom majmuasi, Chorsu va tarixiy shahar markazini o‘z ichiga olgan turizm yo‘nalishlari o‘zaro bog‘lanadi. Shu bilan birga, shimoliy markaziy ishbilarmonlik hududida ofislar, IT-park va biznes markazlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Master-rejani amalga oshirish orqali tarixiy merosni saqlagan holda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, hududning iqtisodiy salohiyati va shahar muhitini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
“Har bir ko‘cha uchun kamida besh yillik master reja ishlab chiqish zarur. Kecha Shveysariyaning Davos shahrida binolar saqlangan holda, shahar muhiti sharoitga mos ravishda rivojlantirilayotganini ko‘rdim. Biz ham eski shaharni asrab-avaylashimiz, yanada rivojlantirishimiz shart. Shu maqsadda alohida “Eski shahar” dasturini ishlab chiqish zarur”, deydi davlat rahbari.
Live
Barchasi