Shavkat Mirziyoyev Erdo‘g‘anning kutubxonasiga noyob kitoblar sovg‘a qildi
Jamiyat
−
20 fevral 2020
6465O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ushbu majmua Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an tashabbusi bilan bunyod etilgan. Mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi bo‘yicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu ma’naviy boylik maskani Prezident qarorgohi – Jumhurbashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon - olimlar, yozuvchilar, ta’lim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti tomonidan taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon bo‘ldi.
Bunda ham o‘ziga xos chuqur ma’no bor. Davlatimiz rahbarining kitobga mehri, kitobxonlik targ‘ibotiga e’tibori bo‘lakcha. Ma’rifat, ta’lim, yoshlar tarbiyasiga oid xalqaro tashabbuslari ham barchaga ma’lum. Joriy yil O‘zbekistonda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilingani ham ilmga e’tiborning yana bir dalolati.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari shunday muhim va shukuhli voqeaga taklif uchun minnatdorlik bildirib, qardosh turk xalqini ushbu ilm-ma’rifat maskani bilan muborakbod etdi.
– Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – dedi Prezidentimiz.
O‘zbek va turk xalqlarining ildizi bir, ma’naviyati mushtarak. Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Rumiy, Yunus Emro, Alisher Navoiy merosi xalqlarimizning milliy yuksalishiga katta hissa qo‘shgan. Qozizoda Rumiy Samarqandda mudarrislik qilgan. Ali Qushchi hayotining so‘nggi yillarini Istanbulda o‘tkazgan. Abdurauf Fitrat, Muhammadsharif So‘fizoda, Said Ahroriy kabi ko‘plab jadid bobolarimiz Turkiyada tahsil olgan.
Bugungi kunda Istanbulda Abu Rayhon Beruniy nomidagi universitet bor. Turkiya kitob fondlarida Alisher Navoiy asarlarining 100 dan ortiq qo‘lyozmalari saqlanib kelmoqda.
Davlatimiz rahbari yurtimizda zamonaviy maktablar, ilmiy-ma’rifiy markazlar tashkil etilayotganini ta’kidladi.
Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, hadis, kalom, aqiyda, tasavvuf, fiqh maktablari ochilgan. Toshkent shahrida ko‘p asrlik ma’rifat xazinasini namoyon etadigan, fundamental tadqiqotlar olib boriladigan Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda.
Bu yil ulug‘ allomalar Abduxoliq G‘ijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy tug‘ilganining 145 yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahri Islom madaniyati poytaxti, Xiva shahri Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb e’lon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Prezidentimiz turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-ma’rifiy tadbirlarga taklif etdi. O‘zbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qo‘lyozma asarlar saqlanayotgani, ularning aksariyati o‘z tadqiqotchilarini kutayotganini ta’kidladi.
Turkiya Prezidenti ushbu quvonchli ayyomda O‘zbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.
- O‘zbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va ma’naviy dunyomizni ta’minlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir, - dedi Rajab Toyib Erdo‘g‘an. - Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bog‘lab, o‘zaro boyitgandir. Bu kun Xalq kutubxonasini Janobi oliylari bilan birgalikda ochib, mushtarak madaniyatimiz haqida butun dunyoga muhim bir ishora bermoqdamiz.
Shavkat Mirziyoyev dunyoda o‘ta noyob bo‘lgan “Usmon Mushafi”ning xattotlarimiz tomonidan ko‘chirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qo‘lyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro she’rlarining o‘zbek tiliga tarjimasi jamlangan “O‘lmas ko‘ngul” deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.
LiveBarchasi