Shavkat Mirziyoyev bugun Turkmanistonga boradi
Jamiyat
−
11:44 516 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan joriy yilning 7-9 oktyabr kunlari amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Prezident “Avaza” milliy sayyohlik zonasida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining navbatdagi sammitida ishtirok etadi.
Maslahat uchrashuvi kun tartibidan siyosiy-diplomatik hamkorlikni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, energetika sohasidagi sheriklikni kengaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish, madaniyat, ta’lim va ilm-fan sohalaridagi hamda yoshlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlashga oid ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashish ko‘zda tutilgan.
MDH davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishida Hamdo‘stlik doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik yakunlari sarhisob qilinib, uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi. MDH tashkil etilganining 35 yilligini nishonlashga alohida e’tibor qaratiladi.
Tadbirlar yakunida qo‘shma hujjatlar to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Tashrif dasturiga muvofiq, qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.
Live
Barchasi