Shavkat Mirziyoyev bugun BRICS+ formatidagi muloqotda qatnashadi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan bugun, 24 iyun kuni, BRICS+ formatidagi Global rivojlanish masalalari bo‘yicha yuqori darajali muloqotda ishtirok etadi.

Xitoy tomonining raisligida onlayn shaklda o‘tkaziladigan tadbirda BRICS guruhi mamlakatlari – Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy, Janubiy Afrika Respublikasining davlat va hukumat rahbarlari, shuningdek, Argentina, Indoneziya, Jazoir, Malayziya, Misr, Eron, Qozog‘iston rahbarlari ham ishtirok etadi. Jami 18 ta mamlakat delegatsiyalari qatnashishi kutilmoqda.

Forum kun tartibidan 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish kun tartibini amalga oshirish borasidagi global sheriklikni mustahkamlash masalalari o‘rin olgan. Eng avvalo, “yashil” iqtisodiyot, yuqori texnologiyalar, innovatsiyalar, raqamlashtirish, transport va logistika, gumanitar almashinuv sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishishda keng xalqaro hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, yangi BRICS+ formati BRICS guruhiga a’zo davlatlarning boshqa yetakchi rivojlanayotgan mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli va ko‘p qirrali hamkorligini yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilgan.

Forum o‘zaro savdo va investitsiyalarni ilgari surish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni transfer qilish, kooperatsiya aloqalarini va transport-kommunikatsiya bog‘liqligini rivojlantirish, xavfsizlik sohasida konstruktiv muloqotni mustahkamlashda katta o‘rin tutadi.

BRICS mamlakatlarida 3 milliarddan ziyod aholi istiqomat qiladi, ularning hissasiga jahon yalpi ichki mahsulotining 25 foizga yaqini, global savdoning qariyb 20 foizi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarning 25 foizi to‘g‘ri keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

116

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing