Shavkat Mirziyoyev akademik Jumanazar Bazarbayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi
Jamiyat
−
26 Sentabr 2020
10797Falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bo‘yicha taniqli olim, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Jumanazar Bazarbayev shu yil 25 sentyabrda 87 yoshida vafot etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Qonunchilik palatasi spikeri Nurdinjon Ismoilov, Bosh vazir Abdulla Aripov va Fanlar akademiyasi prezidenti Behzod Yo‘ldoshev olimning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.
J.Bazarbayev 1933 yil 13 noyabrda Muynoq tumanida tug‘ildi. 1955 yili Qoraqalpoq davlat pedagogika institutini tugatib, mehnat faoliyatini ushbu dargohda katta o‘qituvchi sifatida boshladi. Keyinchalik Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti) aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, so‘ngra doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi etib saylandi.
Iste’dodli olim 60 yildan ortiq ilmiy-pedagogik faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limining Tarix, til va adabiyot instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, bo‘lim boshlig‘i, Nukus davlat universiteti (hozirgi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti) falsafa kafedrasining mudiri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xalq ta’limi vaziri, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining rektori, kafedra mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va ta’lim sohalarini rivojlantirish hamda yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Zahmatkash olimning falsafa sohasining dolzarb nazariy va amaliy masalalariga bag‘ishlangan 500 dan ziyod ilmiy maqolalari, 30 yaqin kitob va monografiyalari yurtimiz va chet el ilmiy jamoatchiligi o‘rtasida yaxshi ma’lum.
Katta tashkilotchilik salohiyatiga ega bo‘lgan J.Bazarbayev 1990-1995 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati sifatida samarali faoliyat ko‘rsatib, mamlakatimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati qurish jarayonlarida munosib ishtirok etdi.
Jonkuyar ustoz sifatida ko‘plab yoshlarga ta’lim-tarbiya bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida o‘nlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlandi.
Akademik J. Bazarbayevning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi” faxriy unvoni hamda Berdaq nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
"Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Jumanazar Bazarbayevning yorqin xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi", deyiladi ta’ziyanomada.
LiveBarchasi