Shavkat Mirziyoyev AQSH vakillari bilan uchrashdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 16 iyun kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumi tadbirlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Eksimbanki prezidenti va raisi Jon Yovanovich hamda Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Ben Blek bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida yuqori martabali mehmonlar davlat rahbariga AQSH Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.

Muzokaralar davomida mazkur institutlarning O‘zbekistonda infratuzilmani rivojlantirish, muhim minerallarni o‘zlashtirish, energetika, sun’iy intellektni joriy etish hamda raqamlashtirish kabi yuqori texnologiyali strategik loyihalarni moliyalashtirishda ishtirok etishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha ko‘rib chiqilgan.

AQSH Eksimbanki bilan hamkorlik yo‘nalishida energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni jadallashtirish yuzasidan kelishuvga erishilgan. Mahalliy tadbirkorlarning ustuvor sohalardagi tashabbuslari uchun eksport kreditlarini taqdim etishni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

DFC korporatsiyasining sog‘liqni saqlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, energetika tarmog‘i va infratuzilmani modernizatsiya qilishga qaratilgan qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlangan.

Toshkentda yangi xalqaro aeroportni qurish, Farg‘ona viloyatida zamonaviy tibbiyot majmuasini tashkil etish, raqamli bankni ishga tushirish, data-markazlar va quruq portlarni barpo qilish kabi yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishning amaliy bosqichiga o‘tish zarurligi ta’kidlangan.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan investitsiyaviy va texnologik loyihalarni ilgari surish bo‘yicha qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev va Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay Faxriy mehmonlar xiyobonida birgalikda daraxt ekkandi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev uchrashuv AQSh vakillari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing