Shavkat Mirziyoyev 8-avtobus saroyiga bordi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxt Toshkentdagi safari davom etmoqda. Davlat rahbari Yunusobod tumanida barpo etilayotgan Toshkent Arxitektura-qurilish institutining yangi binosini va 8-avtobus saroyini borib ko‘rdi.

Prezident Matbuot xizmatining qayd etishicha, institut yangi binosining qurilish ishlari joriy yil iyul oyida boshlangan. 5 qavatli ikkita o‘quv korpusi, 8 qavatli ma’muriy bino va 4 qavatli yotoqxona qad ko‘tarmoqda.

Bugungi kunda institutda 5 ming 400 dan ziyod talaba ta’lim oladi. 2020/2021 o‘quv yilidan kredit-modul tizimiga o‘tish natijasida 18 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi va 23 ta magistratura mutaxassisligi ochilgan. Bo‘lg‘usi quruvchilarga zamonaviy bilim berish maqsadida “aqlli” uylar va shaharlar infratuzilmasini loyihalash, mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi, inshootlar zilzilabardoshligi kabi yangi yo‘nalishlar dasturga kiritilgan.

Binolar foydalanishga topshirilgach, talabalarni qabul qilish qamrovi va ta’lim sifati ortadi.

“Oxirgi yillarda mamlakatimizda qurilish sohasi rivojlandi, katta-katta inshootlar, zavodlar, uylar barpo etilmoqda. Lekin kim loyiha qilyapti, kim quryapti, qanday quryapti, degan savollar ko‘ndalang turibdi. Bu yerda zamonaviy qurilish industriyasiga mos yuqori malakali mutaxassislar tayyorlanishi kerak”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari institut yonidagi 8-avtobus saroyini ham kirib ko‘rdi. Bu avtoparkni boshqa joyga ko‘chirib, zamonaviy shart-sharoitlar yaratib berish, uning o‘rnida qurilish materiallari bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etish taklifi bildirildi.

“Bu hudud quruvchilar massivi bo‘lishi kerak”, degan davlat rahbari.

Arxitektura-qurilish institutining murabbiylari, ilmiy-tadqiqot markazi mutaxassislari va ularning oilalari uchun ijtimoiy ob’ektlar ham barpo etilishi aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

8-avtobus saroyi Toshkent Arxitektura-qurilish instituti

Baholaganlar

314

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar