Sharmanda! O‘zbekiston haqidagi rolikda Amir Temur qonxo‘r bosqinchi deb ta’riflandi
Jamiyat
−
01 fevral 2022
61831Joriy yilning 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish boshqarmasining “Facebook”dagi rasmiy sahifasida xorijiy videoblogerlar tomonidan “Indiana Jons O‘zbekistonda” nomi bilan suratga olingan qisqametrajli film e’lon qilindi. Ammo videodagi kutilmagan holat shundaki Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston tarixidagi muhim shaxslardan biri, Temuriylar davlatining asoschisi Sohibqiron Amir Temur qonxo‘r-bosqinchi sifatida yoritilgan.
Video Samarqand shahrida suratga olingan bo‘lib, rolikning kirish qismi shunday ma’lumot bilan boshlanadi:
“Timur Tamerlan – dunyodagi eng mashhur bosqinchilardan biri bo‘lib, u haqidagi barcha hikoyalar qonli daryolar bilan tugaydi. Uning qo‘lidan 17 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan, XIV asrga kelib u yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashladi. U “o‘lim otasi” sifatida ham tanilgan. Dafn etilganida qabr toshiga la’nat o‘yib yozilgan. “Kim mening qabrimni ochishga jur’at etsa, uning boshiga mendan ham qattol bosqinchi tushadi”.
Videoda 1941 yilning iyun oyida arxeolog Sergey Gerasimov tomonidan Amir Temurning qabri ochilishi ortidan o‘sha yili 22 iyun kuni fashistlar Germaniyasi Sovet Ittifoqiga bostirib kirishi bilan bog‘langan.
Amir Temurning bunday salbiy qahramon sifatida ta’riflanishi o‘zbek ziyolilari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining jiddiy e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Xususan, O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida g‘azab to‘la fikrlarini yozib qoldirdi.
“Men dastlab ushbu videorolik O‘zbekistonga chet elliklar turistlar ko‘proq kelishi uchun olingan bo‘lsa kerak, deb taxmin qildim. Ammo, rolik boshidagi ovozli ma’lumotni eshitib, sochlarim tikka bo‘lib ketdi, yuragim ham g‘azabga, ham alamga to‘ldi. Nahotki, O‘zbekistonni dunyo odamlariga tanitish uchun o‘zbek milliy davlatchiligining timsollaridan biriga aylangan Sohibqiron bobomizni yerga urish, toptash kerak bo‘lsa? Nahotki, biron bir jiddiy va ilmiy jihatdan tadqiq etilmagan, asosan Islom olamining dushmanlari bo‘lmish g‘arb va armani “tarixchi”larning yolg‘onga to‘la asarlaridan ko‘r-ko‘rona olingan. “Uning qo‘lidan 17 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan, XIV asrga kelib u yer yuzidagi barcha aholining 5 foizini qirib tashlagan”, “o‘lim otasi” kabi soxta ma’lumotlardan foydalanish mumkin bo‘lsa?! Nahotki, bu ishga boshu qosh bo‘lgan o‘zbekistonlik vakillar bu uyatsizlik, nonko‘rlig-u tuzluqqa tupurish ekanini tushunishmasa?!”, deydi shoir Xurshid Davron.
Ma’lumot o‘rnida, Sohibqiron Amir Temur 1336 yil 9 aprel kuni Qashqadaryo vohasining Shahrisabz atrofidagi Xo‘ja Ilg‘or qishlog‘ida Tarag‘ay xonadonida tug‘ilgan. Amir Temur yoshligidan yaxshi ta’lim va tarbiya olgan. U o‘smirlik yoshidayoq Qur’onni yod oladi. Shuning uchun ham unga Sohibqiron nomi berilgan. 1365-1370 yillarda Amir Temur Samarqand taxti uchun Ilyosxo‘jaga qarshi kurash olib boradi. U Movarounnahrni mo‘g‘ullar zulmidan ozod qilib, Temuriylar saltanatiga asos solagan.
LiveBarchasi