Sharmanda! Parkentda o‘qituvchilar hokimning Facebook’iga “podpisatsya” qilishga majburlanyapti

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Parkent tumani hokimi o‘rinbosari Baxtiyor Soatovning tumandagi o‘qituvchilar bilan Zoom platformasi orqali o‘tkazgan yig‘ilishida o‘qituvchilarga turli Telegram-kanallarga majburan obuna qilish bo‘yicha topshiriq berayotgani aks etgan video tarqaldi.

Videoda hokim o‘rinbosari o‘qituvchilarga qarata tumanning uchta kanali borligini, ulardan birinchisi, Parkent hokimiyatining Telegram-kanali, ikkinchisi “Parkent tongi” Telegram-kanali va uchinchisi tuman hokimi Shohrux Shoahmedovning Facebook kanali ekanligini ta’kidlab, obuna bo‘lishga buyruq bergan. 

“Mana, mana shu uchtaga obuna bo‘lib berasizlar, 100 foiz maktab o‘qituvchilari. To‘g‘ri, 100 foiz maktab o‘qituvchilarining – boya Zokir akam aytganidek – 10 foizida Telegram yoki Facebook bo‘lmasligi mumkin, lekin qolgan hammasida 100 foiz telefon bor. Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatiladiki, 14 yoshdan katta o‘quvchilar bittadan o‘zining qarindoshini qo‘shib, otasi yoki onasi obuna bo‘ladi”, deya topshiriq bergan piarga o‘ch Soatov.

Bundan tashqari, hokim o‘rinbosari telefon va Telegram’i bor 10 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarni ham jalb qilish mumkinligini eslatgan. Unga ko‘ra, o‘quvchilarning obuna bo‘lishi shoshilinch emas, dushanba kungacha obuna bo‘lsa bas.

“O‘qituvchilarning muddati bugun, 100 foiz hammasi. Tuman hokimi har soatda kirib, “podpisatsya” (a’zolik) bo‘lganlar soni va kimlar “podpisatsya” bo‘lganini ko‘rib o‘tiribdi. Ro‘yxatini qilasizlar va xalq ta’limi bo‘limiga berasizlar. 

Yana bitta narsani aytib qo‘yishim kerak, “podpisatsya” qildim, deya ko‘rsatib, ro‘yxatini berib, ketidan “pokinut” (chiqib ketish) qilib, chiqib ketishning keragi yo‘q. “Pokinut” qilganlarning ro‘yxatlarini “Parkent tongi” bilan axborot xizmati Botirdan olamiz va yana o‘zlaringga tashlab beramiz. Qayta-qayta baribir “podpisatsya” qilishimiz kerak.

To‘g‘ri, sizlar o‘ylashlaringiz mumkin, bular tumanning kanaliga “podpischik” ko‘paytirish uchun qilyapti, deya. Yo‘q, buning hammasi tumanda olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatish uchun”, deya topshiriqning qat’iyligini takror eslatadi u.

Ma’lumot uchun, mutasaddilar orasida atrofidagilarni ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga majburiy obuna qilish holati birinchi bor kuzatilmayapti. Avvalroq, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori ham talabalariga Sherzodxon Qudratxo‘janing Facebook’dagi postlariga “Like” bosib, komment yozishini aytgan edi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi, hokimlarning har soat Facebook’dagi sahifasiga kirib, “podpisatsya” bo‘lganlar soni va kimlar “podpisatsya” bo‘lganini ko‘rib o‘tirishdan boshqa ishi yo‘qmi? Hokim o‘rinbosari bu topshiriqni “tumanda olib borilayotgan ishlarni ko‘rsatish uchun” deya izohlagan. Odamlar tumanida, mahallasida bo‘layotgan ishlarni ijtimoiy tarmoqlardan emas, real hayot, o‘z taqdirida, mahallasida, ko‘chasida, maktabi va tibbiyot birlashmasida ko‘rsin. Qachongacha odamlar ijtimoiy tarmoqqa joylangan rasmlar ostidagi “U qildik, bu qildik” degan izohlarga aldanadi, axir?


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

436

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing