Shaxsning sudlanishi uning qarindoshlariga ta’sir qilmasligiga oid norma Konstitutsiyaga kiritilmoqda

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi” belgilanmoqda.  Bu haqda bugun, 9 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida deputat Jahongir Shirinov so‘z ochdi. 

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazish haqida”gi qaror qabul qilinishi kutilmoqda.

Shirinovga ko‘ra, Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bilan “inson huquq va erkinliklarini ta’minlash – davlatning oliy maqsadidir” degan norma belgilanmoqda. Ushbu maqsadga erishish uchun, loyihada quyidagilar nazarda tutilmoqda: 

•    insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir; 

•    davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. 

“Boshqacha aytganda, endi agar davlat biron bir xarakat uchun jarima, yoki boshqa huquqiy ta’sir chorasini belgilamoqchi bo‘lsa, mazkur prinsipga amal qiladi, ya’ni arzimagan, kam ahamiyatli qoidabuzarlik uchun uning jamiyat uchun xavflilik darajasiga mutanosib bo‘lmagan og‘ir jazo chorasini belgilay olmaydi. Aytish joizki, ushbu qoida asosida amaldagi huquqiy ta’sir choralari ham qayta ko‘rib chiqiladi va o‘ylaymanki birinchi navbatda biz deputatlar ushbu masalada jonbozlik ko‘rsatamiz”, degan Shirinov. 

Shuningdek, uning ma’lum qilishicha, insonning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarda yuzaga keladigan qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi belgilanmoqda. 

“Bu juda katta kafolat!” deydi deputat. 

Uning tushuntirishicha, agar soliq qonunchiligida bir biriga nomuvofiq bo‘lgan normalar vujudga kelsa, bunday nomuvofiqlikni soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilishni xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilayotgan mazkur kafolat esa, bunday baxsga nuqta qo‘yadi va nomuvofiqliklar davlatga emas, balki inson foydasiga hal etiladi deb qat’iy belgilaydi.

“Yana bir masala! Konstitutsiyamizda “shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lmasligi” belgilanmoqda. Bosh Qomusimizga kiritilayotgan ushbu qoida zaxmatkash xalqimizning ko‘p yillar davomida boshiga tushgan tashvish, ya’ni zarracha aybi yo‘q shaxsga nisbatan aybdor sifatida qarash kabi sobiq tuzumdan qolgan sarqitlardan xoli etishga qaratilgan”, deydi Shirinov. 

Qolaversa, qonun loyihasi bilan aybsizlik prezumpsiyasi yanada kuchaytirilayotgani aytildi. Jumladan, Konstitutsiyaning amaldagi 26-moddasida shaxsning ishi sudda ko‘rib chiqilib, uning aybi aniqlanmaguncha u aybdor hisoblanmasligi belgilangan bo‘lsa, endilikda sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha u aybsiz hisoblanishi mustahkamlanmoqda.

“Davlatning xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek davlat va jamiyat hayotining boshqa sohalarida teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashi nazarda tutilmoqda”, deydi Jahongir Shirinov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing