Shaxsni sharmanda qiladigan uydirma tarqatganlar jazolanadi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda shaxslarni sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilanmoqda. Bu haqda joriy yilning 24 noyabr kuni Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.

Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga ma’lum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib bormoqda. Hozirda birgina IMEI kodida 5 011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2 347 ta SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan.

Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan.

Shu sababli qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga, Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar ushbu jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etilgan. Ushbu qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing