Shaxsni huquq-tartibot organlari xodimlari olib ketsa, oila a’zolariga darhol xabar berish kerak – Prezident
Jamiyat
−
09 dekabr 2019
3347O‘zbekistonda shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etilishi kutilmoqda. Bu haqdagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7 dekabr kuni mamlakat Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantali marosimdagi nutqida bildirdi.
“O‘tgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Sohani rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar va zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Xabaringiz bor, o‘tgan yillarda tintuv jarayonini, olingan ko‘rsatmalarni hodisa sodir bo‘lgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.
Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi bo‘lgan boshqa holatlar bo‘yicha ham shunday choralarni qo‘llash zarurligini ko‘rsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini o‘rnatish zarur”, deydi davlat rahbari.
O‘zbekistonda huquq-tartibotga organlariga olib kelingan gumondorlarning oila a’zolari va yaqinlariga zudlik bilan xabar berilmaydi. Bu orada esa vahima uyg‘onib, masala katta shov-shuvlarga sabab bo‘ladi. Bunga yaqindagina sodir bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda #AbdullohQayerda? so‘rog‘iga sabab bo‘lgan voqeani misol qilib keltirish mumkin. Davlat rahbari bu masalaga to‘xtalarkan, yana bir taklifni ilgari suradi.
“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila a’zolari darhol xabardor qilinishi kerak. Buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qo‘yishni taklif etaman.
Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qo‘llash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga o‘tish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim”.
LiveBarchasi