Jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi – Prezident farmoni

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 aprel kuni “Davlat xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, byurokratik to‘siqlarni qisqartirish hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Unga ko‘ra, joriy yilning 1 avgustidan boshlab davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi joriy etiladi. Farmonning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Respublikada davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, eskirgan va zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan 73 turdagi ma’lumotnoma va hujjatlar taqdim etilishi talabi bekor qilinib, davlat organlari tomonidan ushbu ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasidan foydalangan holda olish tizimi joriy etildi.

Shu bilan birga, aholiga davlat xizmatlarini qulay va oson shakllarda ko‘rsatish ko‘lamini oshirish va fuqarolarning idorama-idora sarson bo‘lib yurishining oldini olish, davlat organlari axborot tizimida mavjud ma’lumotlarni ishonchli himoya qilish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish zarur.

Jismoniy va yuridik shaxslar uchun davlat xizmatlari ko‘rsatish ko‘lamini oshirish, aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, bu borada barcha uchun teng sharoitlarni yaratish orqali inklyuziv muhitni shakllantirish maqsadida:

1. 2022 yil 1 avgustdan boshlab:

a) davlat xizmatlaridan foydalanish uchun shaxsni identifikatsiyalashning mavjud tizim va vositalariga qo‘shimcha ravishda jismoniy shaxsni identifikatsiyalashning Mobil-ID tizimi (keyingi o‘rinlarda – Mobil-ID tizimi) joriy etilsin;

b) shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

Mobil-ID tizimi “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash bo‘yicha yagona axborot tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi va shaxsni uning mobil telefon raqami orqali identifikatsiyalashni nazarda tutadi;

shaxsni Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyalash fuqaroning xohishiga ko‘ra davlat xizmatlari markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) yoki notarial idora tomonidan yoxud Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining (keyingi o‘rinlarda – YAIDXP) mobil ilovasi orqali amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan bevosita Markaz yoki notarial idoraga murojaat qilinganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatning asli taqdim etiladi hamda Markaz yoki notarial idora xodimi tomonidan fuqaroning yuzi raqamli formatda rasmga tushiriladi, elektron shaklda qo‘l barmog‘i izi olinadi va mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bog‘lanadi;

Mobil-ID tizimi yordamida identifikatsiyadan o‘tish uchun fuqaro tomonidan YAIDXPning mobil ilovasidan foydalanilganda masofadan biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) usuli yoki ID-kartadagi elektron raqamli imzo qo‘llaniladi hamda mobil telefon raqami YAIDXPdagi shaxsiy kabinetga bepul bog‘lanadi;

bevosita Markazlar yoki notarial idora orqali fuqarolarni Mobil-ID tizimiga identifikatsiya qilish 2022 yil 31 dekabrga qadar to‘lov undirilmasdan2023 yil 1 yanvardan boshlab bazaviy hisoblash miqdorining 2 foizi miqdorida bir martalik to‘lov undirilgan holda amalga oshiriladi;

Mobil-ID tizimi foydalanuvchilari elektron raqamli imzoni qo‘llamagan holda barcha davlat xizmatlaridan (bundan moliyaviy xizmatlar mustasno) foydalanishi mumkin;

fuqaroning YAIDXPdagi shaxsiy kabinetiga yuboriladigan barcha xabarnomalar uning xohishiga ko‘ra va belgilangan to‘lovlar asosida Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalangan mobil telefon raqamiga SMS-xabar shaklida yuboriladi.

2. Belgilab qo‘yilsinki, Mobil-ID tizimini joriy qilish va kelgusida texnik qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq xarajatlar Adliya vazirligining Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan teng miqdorda yoxud qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

3. Quyidagilar aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirishda Adliya vazirligining kelgusi besh yillikdagi ustuvor faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

“Fuqaro e’tibor markazida” (Citizen – centric service) tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini modernizatsiya qilish;

Markazlar faoliyatida qo‘llanilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlarini kengaytirish, aholining elektron davlat xizmatlaridan foydalanish darajasini keskin oshirish hamda ish yuritishni “qog‘ozsiz” tamoyil asosida olib borish;

biznes jarayonlarini modernizatsiyalash usullari (Business Process Reengineering) asosida har bir davlat xizmatini maqbullashtirish, shu jumladan, muddatlar va talab etiladigan hujjatlar sonini maksimal darajada qisqartirish orqali “bir darcha” tamoyilini amaliyotga to‘liq tatbiq etish;

ijtimoiy-iqtisodiy va texnologik rivojlanishning joriy holati, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining ehtiyoji va talablaridan kelib chiqib davlat xizmatlarining yangi turlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan davlat xizmatlarini birlashtirish yoki bekor qilish;

jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inklyuziv muhitni yaratish;

davlat organlarining tashabbusi asosida proaktiv davlat xizmatlari hamda bitta so‘rov bo‘yicha o‘zaro bog‘liq kompozit davlat xizmatlari ko‘rsatish amaliyotini kengaytirish;

o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanish ko‘nikmalarini oshirib borish.

4. Quyidagilar:

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasi 1-ilovaga muvofiq;

Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirishning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiyasini 2022-2023 yillarda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” 2-ilovaga muvofiq;

2022 yil 1 iyuldan ayrim talab va shartlari bekor qilinayotgan litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq;

2022 yil 1 iyundan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash talab etilmaydigan davlat xizmatlari ro‘yxati 4-ilovaga muvofiq;

“Elektron hukumat” doirasida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari to‘g‘risida elektron xabardor qilish tizimiga davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish jadvali 5-ilovaga muvofiq;

Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritish va ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lgan davlat organlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini Yagona billing tizimiga bosqichma-bosqich integratsiya qilish jadvali 6-ilovaga muvofiq;

2022-2026 yillarda davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari (indikatorlari) 7-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. Belgilansinki, 2022 yil 1 iyuldan boshlab kommunal tashkilotlar tomonidan aholidan, shu jumladan, tadbirkorlik sub’ektlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 23 martdagi PF-6191-son farmonining 4-bandi hamda 2021 yil 24 iyuldagi PF-6269-son farmonining 5-bandida nazarda tutilgan ma’lumot va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi.

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ, “Hududgazta’minot” AJ, “O‘zsuvta’minot” AJ va “Toshissiqquvvati” DUK Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 iyunga qadar o‘z axborot tizimlarining “Elektron hukumat” tizimi doirasida ishlovchi Raqamli ma’lumotlar platformasiga integratsiya qilinishini ta’minlasin.

6. Xizmatlar ko‘rsatish sifatini oshirish, fuqarolar va xususiy sektorga yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab quyidagi nodavlat tashkilotlarga “Elektron hukumat” tizimi orqali olinishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati yaratilsin:

tijorat banklari;

telekommunikatsiya tashkilotlari;

xususiy tibbiyot muassasalari;

nodavlat ta’lim tashkilotlari;

sug‘urta tashkilotlari.

Belgilansinki, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish hamda uchinchi shaxslarga ma’lum qilmaslik bo‘yicha zarur tashkiliy va texnik choralarni ko‘rishi shart. Bunda, shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish tegishli litsenziyaning talab va shartlaridan biri hisoblanadi.

7. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:

bir oy muddatda “Elektron hukumat” tizimi doirasida ma’lumotlarni nodavlat tashkilotlarga taqdim etuvchi Raqamli ma’lumotlar platformasini ishlab chiqsin;

ikki oy muddatda nodavlat tashkilotlarni Raqamli ma’lumotlar platformasiga ulash hamda barcha davlat organlari va tashkilotlari axborot tizimlarida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar nodavlat tashkilotlarga faqat Raqamli ma’lumotlar platformasi orqali taqdim etilishini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2022 yil 1 iyunga qadar ushbu farmonga 4-ilovada ko‘rsatilgan davlat xizmatlaridan YAIDXPda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlamasdan foydalanish imkoniyatini yaratsin;

2022 yil 1 avgustga qadar davlat xizmatlaridan foydalanish uchun Mobil-ID tizimini, shuningdek, shaxsga doir ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda taqdim etishning yangi tartibini joriy etish bo‘yicha tashkiliy-texnik choralarni amalga oshirsin.

8. Shaxsga doir ma’lumotlarning konfidensialligini va ishonchli himoya qilinishini ta’minlash maqsadida 2022 yil 1 avgustdan boshlab shaxsga doir ma’lumotlarni “Elektron hukumat” tizimidan foydalangan holda olishning quyidagi tartibi joriy etilsin:

davlat organlari tomonidan shaxsga doir ma’lumotlar “Elektron hukumat” tizimi orqali so‘rab olinganda shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamiga bu haqida xabarnoma yuboriladi (bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan holatlar mustasno);

xo‘jalik birlashmalari, davlat tashkilotlari va muassasalari, “Elektron hukumat” tizimidan foydalanishga ruxsat berilgan nodavlat tashkilotlar tomonidan ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatishda shaxsga doir ma’lumotlar uning sub’ekti roziligi bilan “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi. Bunda, ma’lumotlar tegishli tashkilotga shaxsga doir ma’lumotlar sub’ektining YAIDXPdagi shaxsiy kabineti yoki Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tgan mobil telefon raqamidan tasdiq olingandan so‘ng “Elektron hukumat” tizimi orqali taqdim etiladi.

Davlat personallashtirish markazi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning vakolat, funksiya va faoliyat yo‘nalishidan kelib chiqqan holda, “Elektron hukumat” tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlardan foydalanish doirasi va chegaralarini belgilash bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyundan boshlab:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslar va ularning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishda o‘tkaziladigan kirish test sinovlarida ishtirok etish uchun undiriladigan to‘lovlardan ozod etiladi;

Markazlarda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga elektron davlat xizmatlaridan foydalanish uchun o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatuvchi joylar tashkil etiladi. Bunda, Markazlarda faoliyat olib borayotgan operatorlarning kamida 1 nafari davlat xizmatlaridan mustaqil foydalanmoqchi bo‘lgan shaxslarga bevosita yordam ko‘rsatishga jalb etiladi;

davlat xizmatidan foydalanishda undiriladigan to‘lovlarni Markazlarda joylashgan tijorat banklari shoxobchasidan naqd yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirganda ikki foizgacha bo‘lgan tijorat bankining komissiya summasi uchun alohida to‘lov undirilmaydi (bundan davlat boji to‘lovlari mustasno). Bunda, mablag‘larni oluvchilarning har biriga yo‘naltiriladigan summalar proporsional ravishda kamaytirilgan holda, tijorat bankining komissiya to‘lovi xizmatdan foydalanish uchun to‘lanadigan to‘lov hisobidan o‘tkazib beriladi;

tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’i nazar davlat xizmatlarini ko‘rsatish yoki boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirish funksiyalari yuklatilgan tashkilotlarning mansabdor shaxslari va mas’ul xodimlari davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik uchun javobgar hisoblanadi.

10. Adliya vazirligi 2022 yil 1 iyulga qadar:

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi va Davlat personallashtirish markazi bilan birgalikda shaxsni Mobil-ID tizimi orqali identifikatsiyalash tartibini joriy etish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

Markazlarda davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qiladigan tijorat banklari shoxobchalarini ijara to‘lovlarini undirmagan holda besh yilgacha bo‘lgan muddatga joylashtirish bo‘yicha tanlov o‘tkazsin;

qonunchilik hujjatlariga mazkur farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 8-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlari 9-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda mazkur farmonning mazmun-mohiyati ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini ta’minlasin.

14. Mazkur farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib adliya vaziri R.Q.Davletov hamda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.X.Shermatov belgilansin.

Farmon ijrosini muhokama qilib borish, mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilgan chora-tadbirlarning natijadorligi to‘g‘risida 2022 yil 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti   
Shavkat Mirziyoyev 

Toshkent shahri,
2022 yil 20 aprel


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

29

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing