Shaxs ushlab turilganda oila a’zolariga darhol xabar beriladi
Jamiyat
−
26 yanvar 2020
5269Avval xabar berganimizdek, Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Bu boradagi tegishli qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, 217-modda quyidagicha tahrir qilinadi:
Protsessual majburlov chorasi qo‘llanilgani haqida xabar qilish
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish tarzidagi, sud esa qamoqqa olish, uy qamog‘i yoki ekspertiza o‘tkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov chorasini qo‘llaganida, bu haqda darhol uning oila a’zolaridan biriga, ular bo‘lmagan taqdirda esa boshqa qarindoshlariga yoki yaqin kishilariga xabar berishi, shuningdek, bu haqda ish yoxud o‘qish joyiga ma’lum qilishi shart.
Ushlab turilgan, qamoqqa olingan, uy qamog‘iga yoki tibbiy muassasaga joylashtirilgan shaxs boshqa davlatning fuqarosi bo‘lsa, yigirma to‘rt soatdan kechiktirmasdan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga xabar berilishi shart. Xabarnomaning nusxasi ishga ilova qilinadi.
224-moddaning matni quyidagi tahrirda bayon etiladi:
Ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turishning ushbu Kodeksning 221-moddasida ko‘rsatilgan asoslardan bittasi mavjudligini bevosita ko‘rib yoki boshqa shohidlarning so‘zlaridan aniqlasa quyidagilarga:
1) gumon qilinuvchiga u jinoyat sodir etishda gumon qilib ushlanganligini bildirishga;
2) gumon qilinuvchidan yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga birga borishini talab qilishga;
3) ushlayotgan shaxsga o‘zini tanishtirishga va ushlanayotgan shaxsning talabiga ko‘ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatishga;
4) ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishga;
5) ushlab turilgan bergan ko‘rsatuvlardan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanilishi mumkinligini bildirishga majburlar.
Ushlanayotgan shaxsda qurol borligi yoki u jinoyat sodir etganligini fosh qiluvchi dalillardan qutulish niyatida ekanligini taxmin qilishga yetarli asoslar mavjud bo‘lsa, ushlayotgan vakolatli shaxs uni shaxsiy tintuv qilishga va olib qo‘yish o‘tkazishga haqlidir. Shaxsiy tintuv yoki olib qo‘yish o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonnoma ushlangan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng xolislar huzurida tuzilishi mumkin.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilishi shart.
Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan protsessual harakatlarni o‘tkazishning kechiktirib bo‘lmaydigan hollarida, ularni videoyozuv orqali qayd etilmasdan o‘tkazishga yo‘l qo‘yiladi. Ushbu qoida ichki ishlar organi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ binosida o‘tkaziladigan ushlashga tatbiq etilmaydi. Shaxsni ushlash videoyozuv orqali qayd etilmagan hollarda ichki ishlar organi xodimi yoki boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsni yaqin oradagi ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga olib kelinganidan so‘ng videoyozuvni qo‘llangan holda uning protsessual huquqlari majburiy tartibda tushuntiradi. Videoyozuv uni namoyish qilish orqali ushlab turilgan shaxsga tanishtirish uchun taqdim etiladi.
Shaxsni yalang‘ochlash bilan bog‘liq shaxsiy tintuvni videoyozuv orqali qayd etish taqiqlanadi.
Protsessual harakatlar videoyozuv orqali qayd etilganligi haqida bayonnomaga yozib qo‘yiladi. Videoyozuv materiallari bayonnomaga qo‘shib qo‘yiladi.
Agar ushlangan shaxs ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa yoxud mastlik, giyohvandlik yoki boshqa holatlarga ko‘ra o‘zining huquqlari tushuntirilishini to‘g‘ri anglashga qodir bo‘lmasa, gumon qilinuvchining huquqlari unga tarjimon (zarur hollarda) va (yoki) uning qonuniy vakili yoki yaqin qarindoshi ishtirokida birinchi so‘roqqacha tushuntirilib, bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi.
Vakolatli shaxslar va fuqarolar qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanlik uchun qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladilar.
5) 225-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etiladi:
Ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi boshliqning ko‘rsatmasiga binoan ushlab turish bayonnomasini darhol tuzishi va unda quyidagilarni aks ettirishi lozim:
1) qayerda va qachon tuzilganligi;
2) kimning, kim tomonidan, qachon, qanday holatda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlanganligini;
3) ushlangan shaxs qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini;
4) ichki ishlar organi bo‘limiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga u qaysi vaqtda olib kelinganligini;
5) shaxsiy tintuv va olib qo‘yishning natijasi (ular o‘tkazilganda);
6) ushlashni videoyozuv orqali qayd etilganligi, uni videoyozuv materiallari bilan tanishganligi, shuningdek ushlashda foydalanilgan texnik vositalar haqida yozuvlar. Bayonnomani ushlab turishning asosliligini tekshirish vazifasi topshirilgan ichki ishlar organi xodimi yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organ xodimi, ushlab keltirgan vakolatli shaxs yoki fuqaro, ushlangan shaxs va xolislar imzo chekib tasdiqlaydilar.
Muhokama joriy yilning 7 fevraliga qadar davom etadi.
LiveBarchasi