Shaxmat federatsiyasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi mumkin
Jamiyat
−
18 fevral 2022
10239O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Bu Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bergan buyonotdan ma’lum bo‘lmoqda.
Matbuot kotibining qayd etishicha, agentlik shaxmat sport turini yanada rivojlantirish bo‘yicha davlat byudjetidan federatsiyaga ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflangani hamda ehtimoliy korrupsiya holatlari yuzasidan o‘rganish ishlari o‘tkazgan.
Aniqlanishicha, O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasiga 2020-2021 yillar davomida davlat byudjetidan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratilmagan, faqatgina Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining respublika kalendar rejasiga asosan o‘tkazilgan sport tadbirlari uchun Turizm va sport vazirligi tomonidan mablag‘lar moliyalashtirilgan.
Jumladan, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasiga 2020 yil uchun mablag‘ ajratilmagan, 2021 yil davomida esa jami 6 ta tadbir uchun 2 mlrd 834,8 mln so‘m mablag‘ ajratilib, federatsiya tomonidan 2 mlrd 208,4 mln so‘m sarflangan. Qolgan 626,4 mln so‘m mablag‘lar vazirlikka qaytarilgan.
Shaxmat federatsiyasi nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lgani bois, to‘plangan hujjatlar “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi Qonunning 34-moddasiga asosan Adliya vazirligiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi vaqtlarda Shaxmat federatsiyasi bilan bog‘liq barcha muammolar ko‘zga ko‘rindi. Xususan, federatsiyada monopoliya mavjudligi, hujjatlarni tubdan yangilash kerakligi, Nodirbek Abdusattorovning otasi jahon chempioni bo‘lgan farzandining treneriga hamon o‘z cho‘ntagidan pul to‘layotgani, buning uchun davlatdan yoki Shaxmat federatsiyasidan pul ajratilmagani, shaxmat bo‘yicha grossmeyster Gulruhbegim Tohirjonovaning AQSHga ketishiga ham moliyaviy jihatdan rag‘batlantirilmagani sabab bo‘lgani fosh etildi.
Nodirbek Abdusattorovning otasi Fazliddin Ochilov federatsiyaning oxirgi besh yillik moliyaviy faoliyatini tekshirib, pullar qayerga va qanday maqsadda sarflanganini aniqlab, maqsadsiz sarflangan bo‘lsa, pulni qayta joyiga qo‘yib qo‘yishni ham talab qildi.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov tashkilot balansidagi Malibu rusumli avtomobilning federatsiya raisi o‘rinbosariga tegishli MCHJga qariyb 3 baravar arzonga, ya’ni 53 million so‘mga sotilgani va undan tashqari yana 1 milliard 800 milliondan ortiq mablag‘ ham Shaxmat federatsiyasi tomonidan ushbu MCHJga o‘tkazib berilgani haqida aytgan edi.
Agar Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Shaxmat federatsiyasiga nisbatan “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuning 34-moddasiga ko‘ra ish tutgan bo‘lsa, ushbu moddaga ko‘ra Nodavlat notijorat tashkiloti, ya’ni federatsiyaning faoliyati u O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunchiligini buzgan taqdirda sud tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin. Qonunda shunday deyiladi:
“Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilgan, shuningdek ustav maqsadlariga zid harakatlar sodir etilgan taqdirda prokuratura organlari yoki adliya organlari ko‘rsatilgan qoidabuzarliklar to‘g‘risida mazkur nodavlat notijorat tashkilotining rahbar organlariga taqdimnoma kiritadi hamda bu qoidabuzarliklarni bartaraf etish muddatini belgilaydi. Agar bu qoidabuzarliklar belgilangan muddatda bartaraf etilmasa, nodavlat notijorat tashkilotining faoliyati prokuratura va adliya organlarining taqdimnomasi asosida sudning qarori bilan olti oygacha bo‘lgan muddatga to‘xtatib qo‘yiladi.
O‘zbekiston Respublikasining hududida favqulodda holat joriy etilgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotining faoliyatini to‘xtatib qo‘yish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi”.
LiveBarchasi