Shakar va un yana arzonladi
Jamiyat
−
22 iyun 2022
86220Joriy yilning 13-17 iyun kunlari “O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi”da un va shakar narxi pasaydi. Bu haqda birja Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tgan hafta o‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning un bozori narx bo‘yicha pasayishni namoyon etgan. Hafta davomida birja savdolariga 41 tonna 690 kilogramm un qo‘yilgan va uning 33 tonna 433 kilogrammi, ya’ni 80,2 foizi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 2 576 xaridor ishtirok etgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda 1-navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 4 401,2 ming so‘mdan 4 288,0 ming so‘mgacha, ya’ni 2,6 foizga pasaygan. Unning o‘rtacha kunlik sotuv hajmi 6 687 ming tonnani tashkil qilgan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida 1-navli un bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 4 279,6 ming so‘mni tashkil etgan.
Shakar
Birjaning shakar bozorida ham narxlar pasayishi qayd etilgan. Hafta davomida birja savdolariga 11 tonna 3 kilogramm shakar qo‘yilgan va uning barcha hajmi sotilgan. O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 509 xaridor ishtirok etgan.
Ko‘rib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 11 979,0 ming so‘mdan 10 627,5 ming so‘mgacha, ya’ni 11,3 foizga pasaygan.
O‘tkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning ekstra kategoriyasi bo‘yicha shakllangan o‘rtacha haftalik narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 9 411,0 ming so‘mni tashkil etgan.
Xabarga ko‘ra, ko‘rib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 2 313,9 mlrd so‘mlik tovar resurslari sotilgan. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qo‘ygan.
LiveBarchasi