Shahrisabzdagi tug‘uruqxonada 10 kunda 3 chaqaloq vafot etdi
3-sahifa
−
21 avgust 2022
10670Ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruq bo‘limida avgust oyining o‘zida 5 nafar chaqaloq vafot etgani uchun yopilgani, o‘limlarning hammasi ham tegishli tartibda ro‘yxatlarga qayd qilinmagani aytilgan xabarlar tarqaldi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi izoh berdi.
Qayd etilishicha, Shahrisabz shahar tibbiyot birlashmasining 145 o‘rinli tug‘uruq va terapiya bo‘limlari ta’mirlanishi munosabati bilan hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Shahrisabz shahar bo‘limining 9 avgustdagi dalolatnomasiga ko‘ra, birlashmaning tug‘uruq bo‘limi 10 avgustdan rejali ravishda vaqtincha yopilgan.
Homilador ayollar Shahrisabz va Kitob tumanlari tug‘uruq bo‘limlariga joylashtirilmoqda. Qurilish ishlari shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Joriy yilning avgust oyida (ya’ni 10 kun ichida) tug‘uruq bo‘limida 3 nafar chaqaloq o‘limi qayd etilgan. Har bir holat yuzasidan shahar ichki ishlar bo‘limiga o‘z vaqtida xabar berilgan. Sud tibbiy ekspertizasi tayinlanib, shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Tibbiyot birlashmasiga qarashli tug‘uruq bo‘limida vafot etgan ikki kunlik chaqaloq esa joriy yilning 5 avgust kuni ona va bolaning hayoti xavf ostida qolganligi sababli kesarcha kesish usulida olingan.
Go‘dakning jinsi o‘g‘il, vazni 2 340 gramm, bo‘yi 48 santimetr deb qayd etilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, 7 avgust kuni soat 8:00 da chaqaloq vafot etgan. Kasallik tarixida chaqaloqning o‘limiga “Asfiksiya o‘rta og‘ir darajasi. Kam vaznli chaqaloq. Nafas yetishmovchiligi sindromi. Tug‘ma yurak nuqsoni” tashxisi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, ikki kunlik chaqaloqning tug‘uruqxonada vafot etgani yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Joriy yilning 7 avgust kuni ish bo‘yicha sudga oid tibbiy ekspertiza hamda tibbiyot birlashmasi xodimlarining harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan. Tekshiruv viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
LiveBarchasi