SHHT dollar va yevrodan kechib, mustaqil valyutaga o‘tishi mumkinmi? Ekspert javob berdi
Intervyu
−
14 Sentabr 2022
18605Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘zaro savdoda dollar va yevrodan voz kechish hamda milliy valyutalarga o‘tishni ko‘rib chiqmayapti. Bu haqda Xalqaro aloqalar axborot-tahlil markazi (XAKMO) bosh ilmiy xodimi Shahodat Xoshimova QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Eron 2022 yil boshida SHHT kotibiyatiga Tashkilot mamlakatlari o‘rtasida savdo uchun yangi valyuta yaratish to‘g‘risida maktub yo‘llagan. Buning ortidan esa SHHTning iqtisodiyoti bosqichma-bosqich dollardan voz kechishi mumkinligi taxmin qilingan.
“G‘arb sanksiyalari va jahon iqtisodiyotidagi boshqa omillar alohida mamlakatlarni dollardagi savdodan voz kechib, o‘zaro savdoda boshqa, ko‘pincha milliy valyutalarga o‘tishga majbur qilmoqda. Rossiya va Xitoy 2009 yilgi jahon moliyaviy inqirozidan keyin ham xalqaro zaxira valyutasini yaratishni taklif qilishdi. Bugun Pekin Rossiyadan neftni yuanga sotib oladi. Hindiston va Rossiya ham milliy valyutalarda – mos ravishda rupiya va rublda savdo qiladi. O‘z navbatida, Eron Markaziy banki 2020 yilda asosiy xorijiy valyuta sifatida AQSH dollarini almashtirdi”, deya mintaqada o‘zaro savdoda tartiblar o‘zgarib borayotganiga e’tibor qaratdi mutaxassis.
Uning qayd etishicha, Rossiya Fanlar akademiyasining Xitoy va Zamonaviy Osiyo instituti tomonidan “O‘zgaruvchan dunyoda SHHTning o‘rni” sessiyasi o‘tkazilgan. Sharqiy iqtisodiy forumda esa bir qator rossiyalik ekspertlar SHHTning Samarqand sammitida dollar va yevrodan uzoqlashish va milliy valyutalarda to‘lov tizimini yaratish yo‘lidagi birinchi qadam qo‘yilishi mumkinligini bashorat qilishgan. Ammo Shahodat Xoshimova Samarqanddagi sammitda bu masala ko‘rilmasligini aytib, shunday dedi:
“O‘zbekistonning SHHT ishlari bo‘yicha milliy koordinatori Rahmatulla Nurimbetovga ko‘ra, hozir SHHT doirasida o‘zaro savdoda milliy valyutalarga o‘tish masalasi kun tartibida emas”.
Uning aytishicha, so‘nggi yillarda dunyo bo‘yicha Shanxay hamkorlik tashkilotiga qiziqish ortib bormoqda. Eron va Belarusdan tashqari, dunyoning ko‘plab davlatlarida ham tashkilot ishlarida SHHTning to‘liq a’zolari, kuzatuvchilari yoki muloqot bo‘yicha hamkorlari sifatida ishtirok etish istagi bor. Xususan, Ozarbayjon, Armaniston, Kambodja va Nepaldan kuzatuvchi maqomi uchun topshirilgan arizalar ko‘rib chiqilmoqda. Bahrayn, Maldiv orollari, Suriya va Myanma muloqot bo‘yicha hamkor maqomini olish uchun ariza topshirgan.
Bo‘lajak Samarqand sammitida esa SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari Eron tomonining tashkilotga qo‘shilish munosabati bilan majburiyatlari to‘g‘risidagi memorandumni imzolash bilan birgalikda Belarusning tashkilotga qo‘shilish taklifini yana muhokama maydoniga olib chiqadi.
“SHHT Bosh kotibi Chjan Minning bayonotiga ko‘ra, ayni paytda Belarusning ushbu xalqaro tashkilotga a’zo davlat maqomini olish uchun arizasi faol muhokama qilinmoqda. 2009 yildan beri Belarus SHHTning turli formatlarida ishtirok etib keladi va yaqinda SHHTga a’zo bo‘lish uchun ariza topshirgan. Bu Minskning SHHT qadriyatlari va tamoyillariga mos kelishidan, tashkilot doirasidagi hamkorlik esa mamlakat manfaatlariga mos kelishidan dalolat beradi”, deydi Hoshimova.
Shuningdek, mutaxassis QALAMPIR.UZ muxbirining SHHTga a’zo bo‘lgan ayrim davlatlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar (masalan, Hindiston va Xitoy o‘rtasidagi chegara bahsi) ushbu Tashkilot doirasidagi o‘zaro hamkorlikning konstruktivligi va samaradorligiga qay darajada ta’sir qilishi mumkinligi haqidagi savoliga quyidagicha javob berdi:
“SHHTga a’zo davlatlar siyosiy va iqtisodiy manfaatlari va ustuvorliklari bo‘yicha bir-biridan farq qiladi. Shuning uchun Tashkilot ichida turli qarashlarning yonma-yon yashashi qiyin jarayon. Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida ma’lum ziddiyatlarni keltirib chiqaradigan bir qator muammoli masalalar, aynan, Xitoy va Hindiston o‘rtasidagi chegara masalasi 1962 yildan beri davom etib kelmoqda. Ammo shunga qaramay, SHHT doirasida o‘tkazilayotgan qo‘shma yig‘ilishlar, uchrashuvlar va boshqa tadbirlarda a’zo davlatlarning faol ishtirok etishining o‘zi Tashkilot Nizomida belgilab berilgan g‘oya va tamoyillarni ilgari surish bo‘yicha birgalikdagi intilish hamda tashkilotning yuksak maqomidan dalolat beradi. SHHT xalqaro maydonda muloqot qilish va davlatlarning manfaatlari va maqsadlarini ilgari surish platformasi vazifasini bajaradi”.
Hoshimovaning qo‘shimcha qilishicha, SHHT o‘zining xilma-xilligi bilan noyob va dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotlardan biridir. Katta SHHT oilasining geografiyasi Yevroosiyo hududining 60 foizini egallaydi, SHHTga a’zo mamlakatlar aholisi esa 3,4 milliard kishidan ortiq. Shu bilan birga, SHHTning jahon iqtisodiyotiga qo‘shgan hissasi jahon yalpi ichki mahsulotining 22 foizini tashkil etadi. “SHHT oilasi” turli xalqlar, millatlar, dinlar va sivilizatsiyalarni qamrab oladi.
Hulkar Murtazoyeva
LiveBarchasi