SHHT Afg‘onistonni qabul qila oladimi?

Intervyu

Ayni paytda Samarqandda boshlanishi kutilayotgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti butun dunyo e’tibori markazida turibdi. Unda O‘zbekistonning deyarli barcha qo‘shnilarining rahbarlari ishtirok etmoqda.

Masalan, Qozog‘iston, Qirg‘iziston,Tojikiston Tashkilotga a’zo davlatlar sifatida qatnashayotgan bo‘lsa,  Turkmaniston yetakchisi mehmon maqomida Samarqandga taklif qilindi. 

Ammo O‘zbekistonning o‘zi doimiy ravishda gumanitar yordam ko‘rsatib keladigan, uning iqtisodiyotini tiklash tarafdori bo‘lgan janubiy qo‘shnisi Afg‘onistondan birorta rasmiy vakil yo‘q. 

Samarqanddagi sammitni yoritishda ishtirok etayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri SHHT Afg‘onistonni qabul qila oladimi, degan savol bilan  ekspert-siyosatshunos Sayfiddin Jo‘rayevga yuzlandi.

“Sammitda Afg‘onistondan delegatsiya ishtirok etmayapti. Sababi oddiy – o‘tgan yili Afg‘onistonda turli xil harbiy harakatlar natijasida davlat to‘ntarishi bo‘lib, muvaqqat hukumat o‘zgardi. Lekin bu muvaqqat hukumat hozirgacha deyarli tan olinmadi. Jumladan, SHHT doirasida ham muvaqqat hukumat bilan hamkorlik aloqalari to‘xtatilgan”, deydi Jo‘rayev.

Lekin mutaxassis bu Afg‘onistonga munosabatning o‘zgarganini yoki unda bo‘layotgan jarayonlarga salbiy ta’sir qilmasligini urg‘uladi. Uning aytishicha, O‘zbekiston uchun Afg‘onistondagi tinchlikning ta’minlanishi, uning taraqqiyoti masalalari doimo asosiy ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi. 

“Ertangi sammitda ham Afg‘oniston masalasi ko‘rib chiqiladi. Chunki Afg‘onistonning tinchligi va rivojlanishi uchun munosib sharoit yaratilishi kerak”, deydi u. 

Shuningdek, Sayfiddin Jo‘rayev yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan Afg‘oniston bo‘yicha konferensiya o‘tkazilgani, unda esa "Tolibon" oldiga xalqaro jamiyatning murojaati va talablari qo‘yilganiga to‘xtaldi:

“Unda tinchlikni ta’minlash, afg‘on xalqi uchun qayg‘urish, iqtisodiyotni tiklash uchun jahon hamjamiyati bilan munosabatlarni tiklash masalasi ko‘rildi. Shuningdek, birinchi navbatda, Afg‘oniston hududida terroristik ruhda yurgan tashkilotlar bilan aloqa qilmaslik masalasi ham ko‘rib chiqildi”.

U o‘z fikrini yakunlar ekan, Prezidentning “Amudaryoning narigi tomoni tinch bo‘lmas ekan, butun Markaziy Osiyo davlatlari ham tinchimaydi”, mazmunidagi gaplarini tilga oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgan “Tolibon” radikal harakati vakillari 16-17 sentyabr kunlari Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) sammitiga taklifnoma olmagani haqida xabar qilgan edik.

Hulkar Murtazoyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

138

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing