“Setora” guruhi a’zolari 20 yildan so‘ng topishib, sahnaga qaytmoqda
Madaniyat-san’at
−
08 aprel
502602000 yillar yoshlari orasida ommalashgan “Sen borsan”, “Qarama”, “Vafodoring”, “Xayr maktabim” qo‘shiqlari ijrochisi “Setora” guruhi a’zolari 20 yildan so‘ng birlashib, ijodga qaytmoqchi. Bu haqdagi videoni qo‘shiqchi Laylo Galiyeva o‘zining Instagram sahifasiga joyladi.
Ma’lum bo‘lishicha, ko‘p yillik tanaffusdan keyin guruh a’zolari – Laylo Galiyeva, Feruza Latipova va Kamilla Xo‘jayeva Dubayda uchrashgan.
“Biz bolalikdan agar kelajakda bo‘linib ketsak ham, keyinchalik dunyoning har qanday nuqtasida ko‘rishish istagida bo‘lganmiz. Shunday kunlardan biri keldi va birimiz Toshkentda, boshqamiz esa Amerikada bo‘lishimizga qaramay Dubayda jamlandik. Biz bu yerga nafaqat dam olish, balki qalbimizni yangi ohanglar bilan to‘ldirish uchun kelganmiz”, deyiladi video ostidagi izohda.
Guruhning birlashishi qo‘shiqchilarning muxlislari tomonidan ham iliq kutib olindi hamda ular "Setora"dan “yangi “shedevr”lar kutib qolishi"ni bildirgan.
Ma’lumot uchun, "Setora" guruhi 1998 yilning 1 martida maktabdosh Kamilla Xo‘jayeva, Laylo Galiyeva va Feruza Latipova tomonidan tashkil etilgan. O‘z davrida ular o‘zbek, rus, tojik va fors tillarida qo‘shiqlar ijro etgan. 2005 yilda guruh “Tarona Records” ovoz yozish studiyasi bilan shartnomasini bekor qildi va nomini “Se Tanho” ga o‘zgartirdi. Shundan so‘ng guruh “1-raqam” albomini chiqargan, bir nechta kliplar suratga olgan, ammo tez orada tarqalib ketgan. Guruhning tarqalishiga Layloning o‘zini yakkaxon xonanda sifatida sinab ko‘rish istagi sabab bo‘lgani aytiladi.
Rayhona Ulkanbayeva
LiveBarchasi