Berganning betiga qarama, bermaganning... Sergelida ko‘chaga chiqqanlarning dardi pul emas – adolat!
Tahlil
−
02 avgust 2020
33005Pul jigardan bo‘lgan deyishadi. Shunday kunlarda yashayapmizki, bir qarich tuproq, to‘rtta aqcha uchun soch yulib, ayyuhannos solamiz. Kecha ham shunday bo‘ldi. Sergelida Prezident farmoni bilan tarqatilishi kerak bo‘lgan pullar ustidan chiqqan janjal, internetni portlatdi. Ayollarning dod-voyi, erkaklarning so‘kinshiyu mushtumzo‘rligi dunyoning narigi chekkasigacha, hatto, okean ortigacha yetib bordi. Sharmandali holat! Ammo bu sharmandali holatdan kimningdir ovozini o‘chirish, internetga yanada nafrat bilan qarash orqali chiqmasligimiz, aksincha, gapda emas, amalda o‘zgarishga tayyor bo‘lib, shunga yarasha xulosalar qilishimiz kerak.
Aslini olganda, oxirgi vaqtlarda bunday videolarni ko‘rib ko‘zimiz pishdi, betimiz qotdi. Ko‘chada sayil o‘tkazilib, osh tarqatilsa ham janjal, qiy-chuv, do‘konga navbat bo‘lib kirishda ham o‘rin talashish, nafaqa olishni-ku aytmay qo‘yavering. Ko‘pchiligimizda o‘zaro hurmat, kutish, navbat olish, chiroyli muomala bilan murojaat qilish madaniyati hech shakllanmadi. O‘zimiz to‘ysak ham, ko‘zimiz to‘ymadi.
Bunda to‘liq odamlarni ayblab bo‘lmaydi. Xalqning oq terakmi, ko‘k terak degan qadimiy o‘yini bor. Davlat va odamlarni ham ikki tarafda turgan o‘yin ishtirokchilariga o‘xshatish mumkin. Odamlar davlatni ayblasa, amaldorlar odamlarni... Aslida odamlar nima bo‘lsa, amaldor ham o‘sha. Amaldor nima bo‘lsa, odamlar ham shunga mos. Eng yomoni, biz bunga baho berayotganda, vaziyatdan o‘zimizni ayri tutib, doim boshqalarni ayblashga o‘rganib qolganmiz.
Sergelidan chiqqan dod-voylar
Joriy yilning 30 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Ushbu farmonda Qurbon hayiti munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi va hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan shakllantirilgan moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalarning ro‘yxatlariga (“temir daftar”) kiritilgan va a’zolari 1,7 million nafardan ortiq bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilandi. Buning uchun 380 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi va Markaziy banki bir martalik moddiy yordam pullarini moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar ro‘yxatlariga kiritilgan oilalarga 15 avgustga qadar yetkazishga mas’ul bo‘ldi. 31 iyuldan ushbu pullarni joylarga yetkazib berish ishlari boshlandi.
Hukumatda, viloyat, shahar va tuman hokimliklarida, hatto, Bosh prokuratura rasmiy saytida yo‘naltirilgan mablag‘lar odamlar qo‘liga bus-butun yetib borishi bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatilayotgani haqida quloqni qomatga keltiruvchi hayqiriqlar boshlandi. Oradan bir kun o‘tar-o‘tmas, vaziyat aslida qandayligi Sergelining “Humo” mahallasi misolida internet yuzini ko‘rdi. Unda odamlar shundoq ham bir necha oydan beri karantin sabab uyda o‘tirishga majbur bo‘layotgani, pul topmayotgani, shunday og‘ir vaziyatda banklar uy uchun kredit to‘lovini talab qilayotgani, Prezident farmoni bilan ajratilgan pullar esa haqiqiy ehtiyojmand oilalarga yetib bormayotgani ba’zan do‘q, ba’zan shikoyat, ba’zan dod bilan to‘kib-solinadi.
Og‘ir turmush, ro‘zg‘or, bola-chaqa dardi odamlarni shu ko‘yga solyapti. Bunda ularni ayblashdan yiroqmiz. Har kimning boshidan o‘tkazganini to‘rt devori biladi. Balki, o‘z vaqtida olinmagan choralar ularni shu ko‘yga solayotgandir. Xo‘sh, bu qaysi choralar edi?
Ijtimoiy tarmoqlar farmon chiqqanidan ikki-uch kun o‘tar-o‘tmas, qo‘liga pulni ololmaganlar yoki 1 millionga imzo qo‘yib, 500 ming olganlarning shikoyatlari bilan to‘lib toshyapti. Ularning hammasida asosiy qahramonlar – mahalla raislari. Biz davlat byudjetidan chiqqan pullarni ishonishimizga arzirmidi ular? Bugungacha qo‘ynidan to‘kilsa, qo‘njiga urgan ayrim kimsalar, og‘ir paytda ham eski odatini tashlayotgani, ko‘pning haqqidan qo‘rqayotgani yo‘q.
Eski va samarasiz markazlarni tugatish kerak
Ma’lumki, O‘zbekistonga koronavirus kirib kelganidan ko‘p o‘tmay, qiynalib qolgan, nochor oilalar, boquvchisini yo‘qotgan yolg‘iz keksalar, nogironligi bor fuqarolarni asosiy ro‘zg‘or mahsulotlari bilan ta’minlashni nazarda tutuvchi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi ish boshladi. Aslida ushbu markaz faoliyati u qadar yangi emas. Bundan 10 yil avval Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlarida yuz bergan millatlararo nizoda minglab o‘zbeklar O‘zbekiston hududiga kirib kelgandayoq ushbu markaz tuzilgan edi. Biroq, o‘tgan 10 yil davomida ular deyarli ishlamadi. Pandemiyaning boshlang‘ich davrida muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zayotganlarga sanitariya-epidemiologiya qoidalari va karantin tartibidan kelib chiqib, odamlarga tarqatmoqchi bo‘lgan mahsulotlarini ushbu markazga yo‘naltirish tavsiya etildi.
O‘sha vaqtning o‘zidayoq markaz faoliyati o‘tgan davrlarda zamonaviy texnologiyalar va raqamlashtirishdan ortda qolgani suv yuziga chiqdi. Markazda hamma narsa odamlarga bog‘lanib qolgan edi. Bir guruh volontyorlar qo‘ng‘iroqlarni qabul qiladi, ikkinchi guruh uni saralab, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining tuman bo‘limlariga yetkazadi. Tuman bo‘limlari mas’ullari esa har bir mahalla bilan bog‘lanib, qo‘ng‘iroq egasining haqiqatan ko‘makka muhtojligini tekshiradi va shunga ko‘ra xayriyalar manzilga yuboriladi. Ro‘yxat ana shunday shakllantiriladi. Biz bir necha yillardan buyon kecholmayotgan byurokratiyaning naq o‘zginasi. Eng qizig‘i, oradan bir hafta o‘tib, mahsuloti tugaganlar yana xuddi shu bosqichdan o‘tadi. Bu esa yillar davomida elektron ro‘yxatlashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilmaganidan, umuman hududlarda qancha ehtiyojmand oila borligi ro‘yxatga olinmaganidan, Markazning nomi bor, o‘zi yo‘q bo‘lganidan dalolat.
Afsuski, ushbu markaz faoliyati ham uzoqqa borgani yo‘q. 50 kunlik dovondan o‘tdi, yana to‘xtadi. Biroq, karantin to‘xtagani yo‘q.
Yangi balo, yangi harakat...
Oradan ko‘p o‘tmadi. Mamlakatda yangi harakatga start berildi. Saxovat va ko‘mak. Nomi o‘ta jarangdor bo‘lgan bu harakat boshlangan ilk kunlar Ramazon oyiga to‘g‘ri keldi va butun OAV ushbu harakat haqida bong urdi. Savdo-sanoat palatasi alohida brifing o‘tkazdi, jurnalistlar va odamlarga ushbu harakatning maqsad va muddaosi tushuntirildi. Unga ko‘ra, harakat doirasida ko‘ngilli tadbirkorlarning xayr-ehson qilishlari va unda hamkor tashkilotlar ushbu ehsonlarning aniq manzilli yetib borishini ta’minlashi belgilandi. Evaziga tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi. Bir oylik “olamshumul reklom”lardan keyin “Saxovat va ko‘mak” harakati ham sukunatga g‘arq bo‘ldi. Unda olib borilgan ishlar, qilingan xayr-ehsonlar, ularning kimlarga yetkazib berilgani bo‘yicha ma’lumotlar berilmadi, ochiq ma’lumotlar bazasi yaratilmadi, raqamlashtirilmadi.
Bu orada “Sardoba” suv ombori yorildi. Ofatga tabiiy omillar sabab bo‘ldimi yoki texnogen, bu ham sukunatga cho‘mgan. Buni qo‘ya turaylik, ammo ushbu fojiada minglab odamlar zarar ko‘rdi. Ko‘plar uyidan, mol-xolidan ayrildi. Yangi xayr-ehson aksiyasi boshlandi. Bu safar tashkilotchi ham, ijrochi ham xalq! Keyinroq, hokimliklar tizginni qo‘liga oldi. Odamlar viloyatlar, shahar va tumanlar markazlarida tashkil etilgan “Sardobaga ko‘mak” markazlariga topgan-tutganini olib kelib topshirdi.
Mazkur ishlar ham tizimlashtirilmagani, boshboshdoqlik ortidan qancha mashmashalar kelib chiqdi. Kimdir xayr-ehson yig‘ib, xalqqa yaxshilik qilgani, ammo davlat, xususan huquq-tartibot organlari uni qo‘llab-quvvatlamaganini aytib chiqsa, yana boshqa birov “Sardobaga ko‘mak” doirasida xalqdan yig‘ilgan pullar, buyumlar va mahsulotlar fojia jabrdiylariga yetib bormayotganidan shikoyat qildi. Doimgidek, hokimliklar Matbuot xizmatlari himoyaga, oqlovga otlandi. Minnatdor odamlar topilib, videoga olindi, “hammasini oldik, rahmat”, tarzidagi tashakkurlarga to‘la videolar tarqatildi.
Saboq chiqarilmaydi, dars olinmaydi
Oradan ko‘p o‘tmay, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yana Sardoba tumaniga borib, aholi vakillari bilan uchrashdi. Har bir oilaga 40 million so‘m va maishiy texnika buyumlari berilishini aytdi. Davlat rahbari o‘sha yerda to‘plangan aholiga bularni o‘z qo‘li bilan topshirdi. Prezident Toshkentga qaytganidan ikki kun o‘tar-o‘tmas yana gap-so‘zlar bolaladi. 40 million so‘m va maishiy texnika buyumlari aytilganidek hammaga berilmayotganidan arz qilindi. Yana raddiya berildi, yana odamlarning o‘zi aybdor qilindi.
Oradan shuncha vaqt o‘tdi, yetarli saboq chiqarish mumkin edi. Ammo saboq olinmadi. Yagona TIZIM HAMON YARATILMADI.
Sergelidagi voqea ham yuqoridagi holatlardan hech qolishmaydi. Prezident farmoni bilan tarqatilishi kerak bo‘lgan pullar ortidan mojarolar allaqachon kuchayib, alanga olib bo‘ldi. Bizga yetib kelgani poytaxti azimda. Viloyatlarda bundan battar ahvol bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shu o‘rinda xalqning talabida jon bor? U ba’zi savollarni o‘rtaga tashlashga majbur qiladi?
Xo‘sh, mamlakatdan 400 ming moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oila qanday saralab olindi? Qaysi mezonlar asosida?
Ularni saralab olish kimga ishonildi, yana yillar davomida o‘zini oqlamay kelayotgan, yuqoridan kelgan yog‘-moyni ham avval tanish-bilishchilik chig‘irig‘idan o‘tkazadigan mahalla institutigami? Shu bugungacha asosiy ishini “spravka” yozib berish va viloyatlardan kelib, hech qanday xat-hujjatsiz yashayotgan “kvartirant”larni yashirish ortidan kun ko‘rgan ayrim mahalla raislarigami? Yo mahallalardagi holat bilan umuman tanish bo‘lmagan, yillab o‘z tumanidagi mahallalarga bosh suqmagan, faqat kattakonlar kelganda borib, obodonlashtirishni boshida turadigan hokimliklar mas’ullarigami?
400 ming oila yoki 1 million 700 mingdan ziyod muhtojlar ro‘yxati qachongi holatga ko‘ra tuzilgan? Umuman O‘zbekistonda kambag‘allik, muhtojlikni belgilashning aniq mezoni bormi? U qanday belgilanyapti. Haqiqiy ahvol idoralardagi hujjatlarga mosmi? Buyog‘ini so‘rasangiz, o‘tgan 5 oyga yaqin muddat ichida ro‘zg‘orini durustgina tebratib turgan oilalar ham muhtojga aylandi, axir. Xo‘sh, bu ro‘yxat qachon va kim tomonidan tuzilgan?
Mamlakatda o‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganlarning aniq ro‘yxati mavjudmi? Mavjud bo‘lsa ular qancha edi. O‘zini o‘zi ish bilan ta’minlaganu bugun karantin davrida ro‘zg‘origa bir so‘m kirmayotgan oilalarning qanchasi ushbu ro‘yxatdan o‘rin olgan? O‘tgan yilning sentyabr oyidagi ma’lumotlarga ko‘ra, birgina poytaxtda 95 ming kishi ishsiz, 285 ming kishi esa o‘zini o‘zi norasmiy ravishda ish bilan ta’minlagan edi. Xo‘sh, norasmiy ish bilan ta’minlayotganlarning hammasi ham qo‘lida jaraq-jaraq pul o‘ynatganlarmi? Yo‘q, ularning asosiy qismini taksistlar, qatiq, sut mahsulotlarini uyidan olib chiqib sotuvchilar yoki ro‘zg‘orimga foyda bo‘lsin deb qandolat mahsulotlarini uyida pishirib sotgan kelinlar tashkil etgan. Xo‘sh, bugun ularning qanchasiga yordam berilyapti? Axborot texnologiyalari borasida yetarlicha rivojlangan Toshkent shahar hokimligi loaqal ushbu ma’lumotlarning shaffof bo‘lishini ta’minlashidan umid katta edi.
Nega elektron ro‘yxat mavjud emas? Nima uchun yetkazib berilayotgan mablag‘ning qanchaligi va qabul qilib oluvchining ma’lumotlari ochiq ma’lumotlar bazasida qayd etilmayapti?
Biz har safar boshimizga yangi ish tushganda yangi fond ochib, yangi harakat boshlashdan qachon to‘xtaymiz? Qachon bugun boshlagan ishimiz bugunda qolib ketmay, yillar davomida davomli va sifatli faoliyat olib boradi. Bu xuddi cho‘lda uy qurishga o‘xshaydi. Cho‘lni bilasiz, kuchli shamolmi, qum bo‘ronimi ko‘tarilsa, bor-yo‘qni uchirib ketadi. Cho‘lda uy qurib, tomini yopay deganingizda ko‘tarilgan shamol uyingizni vayron qilganidek, biz har gal boshimizga kelgan bir tashvish uchun yangi fondni ishga tushirgunimizcha, ikkinchi balo o‘z oyog‘i bilan kelib turibdi. U uchun ham yana fond, yana yangi g‘oya. Xullas tomi yopilmaydigan uylar qurishdan charchamadik.
Ko‘plab mamlakatlarda xayriyalar va ehsonlarni muvofiqlashtirishda allaqachon odamlar ishtirokidan maksimum kechilgan. Barchasini kompyuter boshqaradi. Siz bank kartangiz yoki naqd pulingiz orqali yuborgan ehson qaysi hisobga borib tushgani, bu hisobdagi mablag‘lar falonchi rahbarga Malibu olishga emas, aynan ko‘makka muhtojlarning qaysidir ehtiyojlarini ta’minlashga yo‘naltirilgani bo‘yicha aniq-tiniq hisobotlar berib boriladi. Zotan ko‘pning mulkiga nisbatan javobgarlik bor. Xo‘sh, bizda-chi? Boshimizdan shuncha ishlar o‘tsa ham axborotlarni elektronlashtirish va ochiq, shaffof tizimni yo‘lga qo‘yishga nima to‘sqinlik qilyapti? Nafsimizmi? Hatto, shunday og‘ir vaqtlarda sanitariya-gigiyena uchun ajratilgan pullar ham yeb yuborilayotganda 380 milliard so‘mni odamlar qo‘liga ishonib topshirib bo‘ladimi? Qolaversa, tan olib aytish kerak, odamlar yuqoridagi kabi voqealardan keyin markazlaru fondlarga xayriya qilishdan qochyapti. Pullari muhtojlar qo‘liga yetib borishiga ishonmayapti.
Kuni kecha Bosh prokuratura Prezident farmoni ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida maxsus shtab tuzilib, aniq tadbirlar belgilangani hamda hududiy prokurorlarga alohida topshiriqlar yuborilganini ma’lum qildi. Sovuqqonlik bilan yozilgan xabarda shunday deyiladi:
“Prokuratura organlari tomonidan bu borada amalga oshirilayotgan ishlar, shu jumladan belgilangan pul mablag‘larining to‘liq va o‘z muddatida manzilli yetkazilishi alohida nazoratga olindi, qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi”.
Rasmiyatchilikdan qochaylik, odamlarga kimningdir jazolanishi emas, aniq tizim, natija, amaldagi natija kerak. Prokuraturadan yuqoridagi kabi xabarlarni ko‘p eshitamiz. Dorilar masalasida ham xuddi shunday bo‘ldi. Dorilar narxining sun’iy oshib ketishi, taqchillikning yuzaga kelishida bosh bo‘lib turgan, mamlakatda kirib kelayotgan dorilarni elakdan o‘tkazayotganlar emas, “oxirgi qo‘l” bo‘lib dori sotayotgan oddiy chayqovchilik televizorga olib chiqilyapti, sazoyi qilinyapti. Bu vaqtda nahanglar ishini doimgidek davom ettirayotgan bo‘lsa, ne ajab.
Odamlarga falonchi mas’ul shuncha pulni talon-taroj qilgan degan gaplar emas, qo‘liga yetib borgan dastmaya qiziq. Prezident ham farmonni imzolayotganda xalqning pulni qo‘liga olayotgandagi quvonchini ko‘z oldidan o‘tkazgan bo‘lsa, ajab emas. Biroq, ijro yana aniq tizimga emas, odamlarga bog‘lanib qolarkan, shaffoflikni ko‘p yillar ta’minlay olmay, uning oqibatlari bilan kurashamiz.
AQSHdagi voqealardan dars olish kerak
So‘zim so‘ngida may-iyun oylarida AQSHda bo‘lgan voqealarga to‘xtalib o‘tsam. May oyida mamlakat shtatlari bo‘ylab o‘tkazilgan namoyishlar to‘laligicha qoratanlilarning yillar davomida taqhirlanib kelishi bilan bog‘liqmidi? Yo‘q, o‘sha voqealarni tahlil qilsak, namoyishchilar orasida oq tanlilar bo‘lganini ham ko‘ramiz. Ularning aksariyati esa karantinda uyda o‘tirib zerikkan, puli qolmaganidan davlatga, hukumatga nafrati ortgan odamlar. Ana shu omillar ularni ko‘chaga chiqishga undadi. Yo‘qsa, qora tanlilar huquqlarini himoya qilish iddaosi bilan ko‘chaga chiqqanlar nega do‘konlarni buzib kirdi, nega oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni o‘g‘riladi? Huquq himoyasi fonida aslida ochlikni qondirish yotgani ko‘pchilikka ma’lum edi.
LiveBarchasi