Sergeli fojiasi. Ayol o‘zi va 3 bolasini nega o‘ldirdi?
3-sahifa
−
04 aprel 2023
22266Kecha, 3 aprel kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida ayol 3 nafar farzandi bilan o‘zini 9-qavatdan pastga tashlagani haqida xabar bergan edik. QALAMPIR.UZ holatni o‘rganish maqsadida voqea joyiga yetib bordi.
Ma’lum bo‘lishicha, 27 yoshli ona o‘zi va bolalarini ko‘p qavatli uyning 9-qavatidan tashlab yuborgan. Oqibatda ayol va 3 farzandi vafot etgan. Voqea 3 aprel kuni soat 19:20 da sodir bo‘lgan.
QALAMPIR.UZ marhuma yashagan “Sohibqiron” mahalla fuqarolar yig‘ini binosiga bordi. Afsuski, mahallaning raisi yoki o‘rinbosarlari bilan uchrashish imkoni bo‘lmadi. Qo‘shnilardan birining ma’lum qilishicha, janoza marosimi qizning kelin bo‘lib tushgan uyida o‘tkaziladi. Shu mahallada 35 yildan buyon istiqomat qiladigan mahalla faoli Qobiljon Rasulovning aytishicha, marhuma va uning oilasi namunali oilalar qatorida bo‘lgan.
“Sohibqiron mahallasida 35 yildan buyon istiqomat qilaman. Tunda sodir bo‘lgan holatdan bugun ertalab xabar topdim. Ayol o‘zi va farzandlarini nima uchun 9 qavatdan tashlab yuborgani haqida ma’lumotim yo‘q. Bir narsani aytishim mumkin, oila juda ham namunali oilalardan edi. Shu vaqtgacha qo‘ni-qo‘shnilar bilan san-manga bormagan. Doim kattalarga hurmat bilan yashab kelishgan. Holat bilan prokuratura shug‘ullanmoqda. Kelin juda yaxshi edi. Turmushga chiqqan oilasi bor edi. Avval bog‘chada ishlagan”, deydi “Sohibqiron” MFY faoli Qobiljon Rasulov.
Mahallada yashaydigan ayollarning aytishicha, marhumada ruhiy o‘zgarishlar sezishmagan. U juda yaxshi va muomalali ayol bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-(qasddan odam o‘ldirish) va 103-(o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
“2022 yilning oktyabr-noyabr oylarida o‘zi muqaddam yashab kelgan uyida yong‘in sodir bo‘lgani sababli onasining Sergeli tumanidagi uyiga vaqtincha yashab turish uchun kelgan. Ayol o‘zi va farzandlarini qasddan o‘ldirish maqsadida uyning yotoqxona qismidan avval farzandlari undan so‘ng o‘zini ham tashlab yuborgan.
Tergov guruhi tomonidan ushbu fojianing barcha ehtimoliy sabablarini sinchkovlik bilan tekshirish maqsadida qator tergov taxminlari ishlab chiqilgan. Xususan, oilaviy kelishmovchilik, marhumada kuzatilgan ruhiy o‘zgarishlarga olib kelgan sabablar, o‘z-o‘zini o‘ldirish darajasiga keltirish va boshqa taxminlarning barchasi dastlabki tergov jarayonida batafsil tekshiriladi”, deydi Toshkent shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Rasuljon Botir o‘g‘li.
LiveBarchasi