Serbiya armiyasi yuqori jangovar holatga keltirildi

Olam

image

Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich mamlakat armiyasini yuqori jangovar holatga o‘tkazdi. Bu haqda "Vecherniye novosti" gazetasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari Serbiyaning Kosovo hamda Metoxiya bilan chegarasiga harbiy bo‘linmalarni zudlik bilan joylashtirishni buyurgan. Bunga Kosovo shimolidagi etnik serblarning kichik guruhlari bir nechta binolarga kirishni to‘sib qo‘yganidan so‘ng Kosovo politsiyasi tomonidan ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gazlar qo‘llangani sabab bo‘lgani aytilmoqda.

To‘qnashuvlarga javoban bergan bayonotida Serbiya Prezidenti Vuchich armiyani yuqori shaylik holatiga keltirganini aytgan.

Serbiya matbuotida tarqalayotgan xabarlarga ko‘ra, Vuchich NATO boshchiligidagi Kosovo qo‘shinlaridan serb etnik guruhlarini Kosovo politsiyasining “zo‘ravonlik” harakatidan himoya qilishni so‘ragan.

Kosovo shimolidagi Zvekan, Lepasovich hamda Zubin Potok kommunalarining yangi merlari idoralariga kirishda etnik serblarning qarshiligiga uchragani va bunda politsiya yordamidan foydalanilgani ma’lum qilingan.

Shu yilning 23 aprel kuni Kosovoda o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovlar merlik lavozimlariga faqat etnik alban yoki boshqa ozchilik vakillari saylangani haqidagi da’volar bilan serblar tomonidan boykot qilingan.

Ma’lumot uchun, Kosovo 1998-1999 yillardagi urushda Serbiyadan ajralib chiqqan va 2008 yilda o‘z mustaqilligini e’lon qilgan. Bugungi kunga qadar bir qator G‘arb va Yevropa davlatlari uning mustaqilligini tan olgan. Faqat qit’aning besh davlati – Slovakiya, Ispaniya, Ruminiya, Kipr va Gretsiya ushbu davlatni tan olmagan. Shuningdek, Hindiston, Xitoy, Rossiya kabi davlatlar ham Kosovoni mustaqil davlat sifatida ko‘rmaydi. Serbiyaning o‘zi bo‘lsa 2006 yilgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, Kosovoni hech qachon tan olmasligini belgilab qo‘ygan. 2013 yildagi Prishtina-Belgrad kelishuviga ko‘ra, Kosovoning serblar yashaydigan hududlarini birlashtirgan uyushma tashkil qilinishi kerak edi. Biroq keyinchalik bu Kosovo Konstitutsiyaviy sudi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topilgan. Hozirda Qo‘shma Shtatlar ham, Yevropa Ittifoqi ham uyushma maslasida Kosovoga bosim o‘tkazmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Serbiya va Kosovo o‘zaro aloqalarni normallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Serbiya armiyasi jangovar holat

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar