Sentyabrda tovarlar va xizmatlar narxi qanchaga qimmatlashgani ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
01 Oktabr 2021
3740Joriy yilning sentyabr oyida iste’mol bozoridagi tovarlar va xizmatlarning narxlari 1,1 foizga qimmatlashdi. Dastlabki 9 oy davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlab turibdi (6,7 foiz). Nooziq-ovqat mahsulotlar ushbu davrda 4,9 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, xizmatlar 6,1 foizga arzonlashdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mahsulotlarning asosiy guruhlari orasida 2021 yilning uchinchi choragida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi uchlikdan yog‘-moy mahsulotlari (1,2 barobar), go‘sht mahsulotlari (9,5 foiz), shakar, qandolat mahsulotlari va desertlar (8,6 foiz) o‘rin olgan. Yillik nisbatda yog‘-moy mahsulotlari (1,4 barobarga), sabzavotlar, ildizmevalilar, plantaynlar va dukkaklilar (25,9 foiz), mevalar va yong‘oqlar (16,6 foiz), shakar, qandolat mahsulotlari, desertlar (16 foiz) sezilarli darajada qimmatlashgan.
2021 yilning sentyabr oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan (meva-sabzavotlardan tashqari) sezilarli darajada narxlar o‘sishi tovuq go‘shti (1,9-2,8 foiz), tuxum (2,4 foiz), mol go‘shti va qo‘y go‘shti (1,8 foiz) narxlarida qayd etilgan. Shu bilan bir qatorda, barcha navdagi guruchlar va guruch oqshog‘i o‘rtacha 0,1 foizga arzonlashgan.
2020 yilning dekabriga nisbatan o‘simlik yog‘i (1,3 barobar), shakar (16,0 foiz), oq qand (13,2 foiz), tovuq boldiri va son qismi (13 foiz) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinlarni egallashda davom etmoqda. Narxlarning pasayishi tuxum (-13,2 foiz) va guruch, guruch oqshog‘i (-1,2 foiz) narxlarida qayd etildi.
Ma’lumot uchun, iste’mol narxlari indeksi (INI) bu – iste’mol sektoridagi inflyatsiya darajasini ifodalaydigan muhim ko‘rsatkichlardan biri. U o‘rtacha iste’molchi tomonidan yakuniy iste’mol uchun sotib olingan tovarlar va xizmatlar o‘zgarmas majmui qiymatining o‘zgarishini ifodalaydi.
LiveBarchasi