Sensatsiya! Hokim haqorat uchun jarimaga tortildi
Jamiyat
−
10 yanvar 2020
11703Fermerlarni so‘kib, haqorat qilgan Mingbuloq tumani hokimi Nurshod Xudoyberdiyevga nisbatan chora ko‘rilib, hokim 4 mln 460 ming so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar bermoqda.
2019 yil dekabr oyi oxirlarida ijtimoiy tarmoqlarda Mingbuloq tuman hokimi Nurshod Xudoyberdiyev fermerlarni so‘kib tashladi aks etgan audioyozuv tarqalgan edi. Audioyozuvdagi holatlar yuzasidan Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.
Aniqlanishicha, 2019 yilning 9 dekabr kuni soat 10:00da Mingbuloq tumani, Mehnatobod mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Gigant” muqobil mashina traktor parki saroyida Mingbuloq tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev rahbarligida texnika va kuzgi-qishki agrotexnik tadbirlar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazilib, unda tumandagi “Gigant”, “Guliston”, “Gulbog‘-1” MMTP hududlari raislari hamda qishloq xo‘jaligi texnikasi mavjud fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etgan.
Yig‘ilish davomida tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Nurshod Xudoyberdiyev “Guliston dacha” fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi M.Xalilov va boshqa fermer xo‘jaliklari rahbarlarini qishloq xo‘jaligi texnikalarini ta’mirlamayotgani, sustkashlikka yo‘l ko‘yib kelayotganlari xususida tanbeh berib, so‘ng haqorat qilgani hamda ularning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganligi aniqlangan.
Tekshirish natijasiga ko‘ra, Namangan viloyat prokuraturasi tomonidan N.Xudoyberdiyevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi bilan ma’muriy huqubuzarlikka doir ish qo‘zgatish haqida qaror qabul qilinib, ma’muriy chora qo‘llash uchun to‘plangan hujjatlar Mingbulok tumani ma’muriy sudiga yuborilgan.
Mingbulok tumani ma’muriy sudining 10.01.2020 yildagi qaroriga ko‘ra, Nurshod Xudoyberdiyev MJtKning 41-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs deb topilib, unga nisbatan qayd etilgan modda bilan bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida, ya’ni 4 mln 460 ming so‘m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, bugungacha ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan hokimlarning ovozli yozuvlari bilan bog‘liq hech bir holatda hokimlar jarimaga tortilmagan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr