Senatorlar tadbirkorlikka oid qonun loyihasini qaytardi

Jamiyat

image

Bugun, 21 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.

Senatorlar tomonidan Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan bir qator normalar mavjudligi, xususan, unda nazarda tutilayotgan aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari amaldagi boshqa qonunlarda belgilangan aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga nomuvofiqligi qayd etildi.

Qayd etilishicha, “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy ehtiyojmand toifalari uchun ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasida aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari belgilangan. Biroq undagi quyidagi toifalar “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonunda ko‘rsatilmagan.

Jumladan, Qonunda o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan bolalari, nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz otaga yoki onaga, shuningdek ko‘p bolali oilalar ota-onalari, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati qo‘shinlaridagi muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar, pensiyaoldi yoshidagi shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga ko‘ra o‘ziga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar va odam savdosidan jabrlanganlar o‘z aksini topmagan.

Qonunning 12-moddasida tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelishi ularning soliq hisobotlarini o‘rganish orqali soliq organlari tomonidan aniqlanishi, 17-moddasida olingan foydaning kamida uchdan ikki qismi ushbu qismda belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilganligi ijtimoiy korxonaning soliq hisobotlariga asosan aniqlanishi nazarda tutilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan 2020 yil 24 fevralda 3221-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Soliq hisobotining shakllarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Davlat soliq qo‘mitasining qarori bilan soliq va boshqa hisobotlar shakllari tasdiqlangan bo‘lib, ular orqali tadbirkorlik sub’ektlarining ijtimoiy korxona mezonlariga mos kelishi hamda olingan foydaning kamida uchdan ikki qismi belgilangan maqsadlar uchun yo‘naltirilganligini aniqlashning imkoni mavjud emas.

Bu esa kelgusida amaliyotda soliq organlari tomonidan hisobotlarni qabul qilish, ijtimoiy korxonalar reyestriga kiritish yoki reyestrdan chiqarishda turli xil muammolar hamda nomuvofiqliklarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, Qonunning 15-moddasida mehnat shartnomasi (kontrakt) bo‘yicha ishlayotgan shaxslar ish haqi miqdorini qonunchilikka ko‘ra mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilash, ular bilan o‘z vaqtida hisob-kitob qilish, shuningdek ish beruvchi sifatida o‘zining fuqarolik javobgarligini sug‘urta qilish, mehnatni muhofaza qilish hamda texnika xavfsizligi, ekologiya, sanitariya va gigiyena sohasidagi qonunchilik va normativ hujjatlar talablariga rioya etish ijtimoiy korxonalar majburiyatlari sifatida keltirilgan.

Xuddi shu normalar “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 9-moddasida, qolaversa, Mehnat kodeksi va boshqa amaldagi qonunchilik hujjatlarida ham o‘z ifodasini topgan.

Shu munosabat bilan amaldagi qonunlarda mavjud normalarni takroran belgilash qanchalik to‘g‘riligini o‘rganib chiqish hamda o‘zaro muvofiqlashtirish talab etiladi.

Qonunning 17-moddasida soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berilishi, davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli asosda ijaraga berish, soddalashtirilgan moliyaviy va soliq hisobotlari, bepul reklama qilish uchun efir vaqti, nashr yoki reklama maydoni ajratish, davlat buyurtmachilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha ijtimoiy tovarlarni realizatsiya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda boshqa imtiyoz va preferensiyalar berilishi, 18-moddasida Vazirlar Mahkamasi ijtimoiy loyihalarni davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qaytarilmaydigan asosda subsidiyalashni amalga oshirishi belgilangan.

Ushbu imtiyoz va preferensiyalarni belgilovchi normalar tovar va moliya bozorlaridagi raqobat muhitiga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatishi mumkinligini inobatga olib, mazkur normalarni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2021 yil 3 fevraldagi PF-6155-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqib, Tadbirkorlik kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan.

Ushbu Farmon talablaridan kelib chiqib, ijtimoiy tadbirkorlik bilan bog‘liq munosabatlarni alohida qonun shaklida emas, balki ishlab chiqiladigan Tadbirkorlik kodeksi loyihasida ko‘zda tutish masalasini o‘rganib chiqish ayni muddaodir.

Qonun aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini ish o‘rinlari, ijtimoiy tovarlar va ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash hamda favqulodda vaziyatlarga qarshi kurashish,  ularning oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy tovarlarni ishlab chiqarish, ishlarni bajarish hamda xizmatlar ko‘rsatishni nazarda tutganligini inobatga olib, uni chuqurroq qayta tahlil qilish, sohadagi ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish lozim deb topildi.

Yuqoridagilarga asoslanib, senatorlar tomonidan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

23

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing