Senator Topiboldi hoji Xoldorov 79 yoshida vafot etdi
Jamiyat
−
22 avgust 2021
6728Bugun, 22 avgust kuni ertalab Oliy Majlis Senati a’zosi Topiboldi hoji Xoldorov 79 yoshida vafot etdi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Topiboldi hoji Xoldorov Farg‘ona viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining Keksalar va faxriylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha o‘rinbosari ham hisoblangan. Senator surunkali yurak va buyrak yetishmovchiligidan vafot etgan.
Qayd etilishicha, u Toshkent shahridagi Respublika shoshilinch tez tibbiy ilmiy yordam markazida davolanayotgan bo‘lgan. Marhumning janozasi kechki soatlarda uning xonadonida, Farg‘ona tumanidagi Yoshlarobod qishlog‘i, Tinchlik MFYda o‘tkaziladi.
Ma’lumot o‘rnida, Topiboldi Xoldorov 1942 yil 1 fevralda Farg‘ona tumanida tug‘ilgan, viloyatda matbuot va savdo sohalarida turli vazifalarda mehnat qilgan. 2000 yildan 2009 yilga qadar “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona tumani bo‘linmasi, 2009-2020 yillarda “Nuroniy” jamg‘armasi Farg‘ona viloyat bo‘limi raisi bo‘lgan. 60 yillik samarali mehnat faoliyati davrida jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirishda faol ishtirok etib kelgan. 2016 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.
“Topiboldi hoji Xoldorovning nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning hayotiy tajribalarini farzandlar tarbiyasida, qadriyatlarning saqlanib qolinishida, oila va mahallada tinchlik, xotirjamlikni ta’minlashda asosiy omilga aylantirish borasida olib borgan fidokorona mehnatlari yuksak e’tirofga loyiqdir”, deyiladi hokimlik xabarida.
LiveBarchasi