Senat yalpi majlisining jonli efiri to‘satdan to‘xtab qoldi
Jamiyat
−
28 aprel 2022
8272Bugun, 28 aprel kuni Oliy Majlis Senatining 25-yalpi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Biroq, majlis odatdagidek jonli efirga uzatilmayapti.
Yuqori palata yalpi majlisi shu choqqacha “UzReport” telekanali orqali jonli efirga uzatib kelinayotgandi. Bu safar esa efir faqatgina 8 daqiqaga cho‘zilgan. Keyin u uzilib qolgan.
Ushbu holat yuzasidan QALAMPIR.UZ jurnalisti Senat Matbuot xizmati xodimi Mirzo Ulug‘bek Madaliyev bilan bog‘lanib, nega bunday holat yuz bergani haqida so‘radi. Biroq, u hozirda bu haqda hech qanday ma’lumot yo‘qligi va bilmasligini aytish bilan cheklandi.
Aytish joizki, Oliy Majlis Senatining yalpi majlislari 2019 yilda Tanzila Norboyeva Senat raisi bo‘lganidan buyon jonli efirga uzatib kelinardi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyun kuni qabul qilingan PF-6247 sonli “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida 2021 yil 1 dekabrdan boshlab parlamentning har ikkala palatasi va hududiy kengashlar sessiyalarini telekanallar va internet tarmog‘i jonli efirga uzatilishi belgilangan. Bu vazifa ijrosi uchun mas’ul sifatida MTRK va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi