Senat sud hukmlarini SMS orqali yuborish nazarda tutilgan qonunni ma’qullamadi

Jamiyat

image

Senatning yigirma to‘qqizinchi yalpi majlisida “Sudlarning faoliyati raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ham senatorlar tomonidan rad etildi. 

Qonun O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi hamda Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutadi.

Muhokama jarayonida Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan qator masalalar mavjudligi ta’kidlandi.

Xususan, Qonunda sud ishlarini yuritishda iltimosnoma bildirish yoki shikoyat qilish chog‘ida davlat organlari va tashkilotlari hamda advokatlarning o‘z murojaatlarini va unga ilova qilinadigan hujjatlarni elektron shaklda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik tizimi orqali sudlarga taqdim etishi mumkinligi nazarda tutilgan. Biroq amaldagi jinoiy, ma’muriy, fuqarolik va iqtisodiy qonunchilikda “murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlar sudga elektron hujjat tarzida yuborilishi mumkin”ligi qayd etilgan bo‘lib, davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, advokatlar tomonidan sudga elektron hujjat tarzida murojaat qilish bo‘yicha cheklov yo‘q. Shu munosabat bilan, mazkur kodekslarga qo‘shimchalar kiritish masalasini o‘rganib chiqish zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, Qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 475-moddasiga kiritilayotgan qo‘shimchaga ko‘ra, hukm e’lon qilinganidan keyin sudning rasmiy veb-saytiga erkin foydalanilishi cheklangan rejimda elektron hujjat tarzida joylashtirilishi va hukm joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manziliga oid havola mahkumga, oqlangan shaxsga ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga “SMS-xabar” yoki elektron manzilga elektron xabar orqali yuborilishi belgilangan.

Ta’kidlash joizki, amaliyotda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda fuqarolarning shaxsiy hayoti yoki davlat sirlari bilan bog‘liq ishlar ham ko‘rib chiqiladi. Mazkur ishlar bo‘yicha sud hukmining elektron tarzda veb-saytga joylashtirilishi, uni kelgusida begona yoki ma’lumot bilan tanishishga ruxsati bo‘lmagan shaxslar ko‘rishi hamda o‘zining boshqa maqsadlarida undan foydalanishiga zamin yaratishi mumkin. Shuning uchun ushbu masalani yana bir marotaba ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqligi aytildi.

Qayd etilishicha, Qonun bilan joriy etilayotgan yangi tizim qator amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish zaruratini keltirib chiqaradi.

Jumladan, ishda ishtirok etuvchi shaxslarni ular sudga ma’lum qilgan telefon raqamlariga “SMS-xabar” yoki elektron manziliga elektron xabar orqali xabardor qilish va xabardor qilinganlik fakti qayd etilishi tartibini huquqiy eksperiment tariqasida joriy etish, uning amaliyotda samaradorligini baholash, sud va advokatura, huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu tartibni to‘laqonli qo‘llash bo‘yicha amaliyot ham yo‘lga qo‘yilmagan.

Bundan tashqari, aholining joriy etilayotgan tizim bo‘yicha fikrini ham o‘rganish zarurligi ham ta’kidlandi.

Shu bois, mazkur tizimni huquqiy eksperiment tariqasida ayrim hududlarda joriy etish va sinovdan o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olib, mazkur Qonunni rad etish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

24

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing