Senat migrantlar to‘g‘risidagi qonunni rad etdi

Jamiyat

image

Bugun, 13 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining o‘ttiz ikkinchi yalpi majlisida senatorlar “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildilar.

Ta’kidlanishicha, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishni ko‘zda tutadigan mazkur Qonun senatorlar tomonidan soha ekspertlari, vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida tahlil qilindi va uning ayrim moddalarining normalarida noaniqliklar aniqlangan.

Xususan, Qonunning 26-moddasi ikkinchi qismida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun uyushgan holda O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomini olgan shaxslarga tenglashtirilishi va ularga nisbatan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun belgilangan soliq solish va pensiya miqdorini hisoblab chiqarish tartibi qo‘llanilishi qayd etilgan.

Ushbu moddaning to‘rtinchi qismida esa, uyushgan holda ishga joylashtirish doirasida chiqib ketayotgan fuqarolarga ushbu moddada nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlar, basharti ular “Labor-migration” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, berilishi sharti belgilanmoqda.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga muvofiq mehnat staji hisoblanishi uchun o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar, mehnat shartnomasi asosida chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yiliga bazaviy hisoblash miqdorining kamida bir baravari miqdorida ixtiyoriy tartibda soliq to‘lashi qayd etilgan.

Normativ-huquqiy hujjatlarda ham soliqlarni to‘lash, pensiya miqdorini hamda mehnat staji hisoblashda qo‘shimcha shartlar sifatida vazirlik va idoralarning axborot tizimlarida ro‘yxatdan o‘tish nazarda tutilmagan. Bu mehnat migratsiyasi yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasidan chiqib ketayotgan fuqarolar uchun nazarda tutilgan ijtimoiy kafolatlarni axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tganidan so‘ng berish sharti O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 408-moddasiga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi qarorining 12-bandiga zid ekanini anglatadi.

Qayd etilishicha, qonunning 5-moddasida majburiy mehnatning belgilari va ko‘rinishlari to‘liq ochib berilmagan. Xususan, ish bajarishga majburlash deganda biron-bir jazo qo‘llash tahdidi bilangina cheklanib qolishi, zo‘ravonlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanish holatlari mavhumligicha qolgan.

Muhokama jarayonida shuningdek, Qonunning boshqa bironta moddasida fuqarolarni kasbga va chet tillariga o‘qitish hamda ularga xalqaro miqyosda tan olinadigan sertifikatlar berish tartibi to‘g‘risida normalar aks ettirilmagani, ya’ni, Qonunda fuqarolarni kim tomonidan o‘qitish yoki sertifikatlar berish yoxud qaysi kasblarga o‘qitish kabi mexanizmlar yetarlicha ochib berilmagani aytib o‘tilgan.

Bundan tashqari Qonunda 30 ga yaqin havola qiluvchi normalar mavjudligi, uning to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, muayyan organlarning o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishiga zamin yaratishi ta’kidlangan.

Muhokamalardan so‘ng “Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini rad qilish to‘g‘risidagi Senat qarori qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

115

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing