“Sen bo‘lmasang boshqasi”. Chavusho‘g‘lu AQSHga Rossiya borligini eslatib qo‘ydi
Olam
−
29 Oktabr 2021
15759Agar AQSH modernizatsiya qilingan F-16 samolyotlarini Turkiyaga yetkazib berishdan bosh tortsa, rasmiy Anqara Rossiyaning Su-35 va Su-57 samolyotlarini sotib olish imkoniyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mevlud Chavusho‘g‘lu CNN Turk telekanali efirida aytib o‘tdi.
Bir guruh amerikalik senatorlarning F-16 samolyotlarini Turkiyaga sotishdan bosh tortishni talab qilib AQSH hukumatiga yo‘llagan murojaatiga izoh berar ekan, Chavusho‘g‘lu Amerikada turli lobbilar Anqaraga qarshi ish olib borayotganini qayd etdi.
“Bu masalada asosiy narsa Oq uyning pozitsiyasi. Jo Bayden ma’muriyati Kongressni Turkiyaga qurol sotishni qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndira oladi. Agar AQSH rasmiylari qat’iy bo‘lsa, qonunchilar qarorni qo‘llab-quvvatlaydi”, deydi Chavusho‘g‘lu.
Turkiya vaziri Anqaraning har doim muqobil variantlari borligini urg‘uladi.
“Hozirgi kunda mudofaa mahsulotlarining bir qismi Turkiyaning o‘zida ishlab chiqarilmoqda, bir qismi esa chetdan keltirilmoqda. Bu F-35 va F-16 sotib olishga ham tegishli. Agar AQSH Turkiyaga samolyotlarni sotmoqchi bo‘lmasa – Oq uy qo‘llab-quvvatlamasa yoki Kongress bloklasa, biz boshqa variantlarni, jumladan, Su-35 va Su-57ni ham ko‘rib chiqamiz. Bu biz o‘z samolyotimizni ishlab chiqarishni boshlamagunimizcha davom etadi”, degan vazir.
Avvalroq, Turkiya TIV rahbari AQSH va Rossiyani Suriya bo‘yicha Turkiya oldidagi majburiyatini bajarmayotganini aytib, bu holat davom etsa, Anqara o‘z kuchlari bilan muammoni yechinigi qo‘shimcha qilgan.
LiveBarchasi